1-iyuldan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi

eʼlon qilindi
Pensiya, oylik va stipendiyalar 10 foizga oshib, 86 turdagi tovarga eksport bojlari joriy etiladi va ayrim shifokorlarga 100 foizgacha ustama to‘lanadi
Погода в Ташкенте
Foto: Farhodjon Chinberdiev / Unsplash

1-iyuldan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi? «Kursiv» respublikada amalga oshadigan bir qator o‘zgarishlar haqidagi yangiliklarni keltirib o‘tadi.

Pensiya, nafaqa, oylik va stipendiyalar 10 foizga oshadi

Pul
Foto: Facebook.com

Prezident farmoniga muvofiq, 1-iyuldan boshlab aholining ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan moliyaviy yordamlar miqdori oshiriladi.

  • Yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori oyiga 918 ming so‘m bo‘lib belgilanmoqda.
  • Nogironligi bo‘lgan fuqarolarga beriladigan minimal pensiya miqdori esa 1,012 mln so‘mni tashkil etadi.

Kam ta’minlangan oilalarga ajratiladigan bolalar nafaqasi quyidagi tartibda ko‘rib chiqiladi:

  • 3 yoshgacha bo‘lgan bir nafar bola uchun – 360 ming so‘m,
  • 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bir nafar bola uchun – 275 ming so‘m,
  • Ikkinchi bola uchun – 165 ming so‘mlik qo‘shimcha,
  • Uchinchi va undan keyingi farzandlar uchun – har biriga 110 ming so‘mdan ajratiladi.

Bundan tashqari, kam ta’minlangan oilalar uchun ajratiladigan oylik moddiy yordam miqdori 420 ming so‘m qilib belgilangan.

Talabalik guvohnomasining qog‘oz nusxasini olib yurish majburiy bo‘lmaydi

Talabalik guvohnomasi
Foto: Kursiv Uzbekistan

1-iyuldan boshlab O‘zbekiston talabalari talabalik guvohnomasini yonida olib yurishlariga hojat qolmaydi. Ular guvohnomaning faqat elektron shaklidan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

Mazkur yangilik Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va «Ijtimoiy karta» mobil ilovasida joriy qilinayotgan raqamli hujjatlar tizimining bir qismidir.

Nogironlik pensiyalari endi murojaatsiz tartibda tayinlanadi

So'm
Foto: Kursiv Uzbekistan

1-iyuldan boshlab I va II guruh nogironligi belgilangan fuqarolarga pensiyalar murojaatsiz, avtomatik tarzda tayinlanadi. Fuqaro xohlasa, bu pensiyani rad etish huquqiga ega.

Ko‘zi ojizlar (I guruh) va radiatsion obyektlarda xizmat qilganlar uchun kompensatsiyalar elektron ma’lumotlar asosida proaktiv tarzda tayinlanadi. Nogironlik pensiyasi tayinlangach, kamida bir yil ish stajiga ega fuqarolarning pensiyasi har ikki yilda avtomatik qayta hisoblab chiqiladi.

«Ekofaol fuqaro» platformasi ishga tushiriladi

Ekologik madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi
Foto: Pexels.com

«Ekofaol fuqaro» platformasiga daraxt ekkanligi to‘g‘risida ma’lumot kiritgan kambag‘al fuqarolarga subsidiyalar ajratilishi yo‘lga qo‘yiladi. Har 100 ta ekilgan daraxt uchun bazaviy hisoblash miqdorida subsidiya taqdim etiladi.

Loyihada kambag‘al oila a’zolari jalb etiladi, va tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, kelajakda boshqa hududlarga kengaytirish rejalashtirilgan.

Tuman va shaharlarda sog‘liqni saqlash bo‘limlari tashkil etiladi

sog‘liqni saqlash bo‘limlari
Foto: lenecknikolai / www.depositphotos.com

1-iyuldan boshlab 15 ta tuman va shaharda, 2026-yil 1-yanvardan esa butun Samarqand viloyatida sog‘liqni saqlashni tashkil etishning yangi usuli – tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladi.

Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, mavjud tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari negizida yangi tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlari tashkil etiladi. Bu bo‘limlar aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamining sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan boshqaruv markaziga aylanadi.

86 turdagi tovarga eksport bojlari joriy etiladi

bojxona
Foto: Food Logistics

1-iyuldan boshlab birorta tovar eksportiga cheklov oʻrnatilmaydi. Endi faqat 86 ta tovar guruhiga kirgan xomashyo va ijtimoiy ahamiyati yuqori mahsulotlarga nisbatan eksport bojlari joriy qilinadi.

Ushbu mahsulotlarga charm, ipak xomashyosi, paxta ip-kalavasi va trikotaj matolari, go‘sht mahsulotlari, bug‘doy, guruch, mineral o‘g‘itlar, PET chiqindilar, rangli metall lom va chiqindilar, strategik xomashyolar (tabiiy gaz, paxta tolasi, mineral o‘g‘itlar, polietilen, polipropilen, PVX, mis xomashyosi) kiradi.

YTTlar o‘z xonadonida mebel tayyorlashi mumkin bo‘ladi

Mebelsozlik
Foto: ProfStocker / depositphotos.com

1-iyuldan YTTlar o‘z xonadonida mebel tayyorlashi mumkin bo‘ladi. 1-avgustdan esa mahalliy mebel texnologlari uchun rivojlangan xorijiy mamlakatlardagi nufuzli tashkilotlarning sohaga tegishli xorijiy malaka sertifikatlari olish xarajatlarining 50 foizi davlat tomonidan qoplanadi.

Shuningdek, 2029-yil 1-yanvargacha mebel ishlab chiqarishdagi xomashyo va qismlar importi uchun bojxona boji 1 foiz etib belgilanadi.

Veterinariya va fitosanitariya sohasida muhr va shtamp bosish amaliyoti bekor qilinadi

Migratsiya agentligi
Foto: Depositphotos.com

Shu yilning 1-iyulidan veterinariya va fitosanitariya sohasida tashqi savdo yuklari bilan bog‘liq barcha hujjatlarga muhr va shtamp bosish amaliyoti bekor qilinadi. Endilikda barcha rasmiylashtirish ishlari elektron shaklda amalga oshiriladi.

Ayrim kompaniyalar elektron to‘lov tizimlariga majburiy ulanadi

Фото: kingqjl/Depositphotos

Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan qarorga ko‘ra, aholiga xizmat ko‘rsatuvchi budjet tashkilotlari, gaz va neft mahsulotlari sotuvchilari hamda ijaraga mulk beruvchi kompaniyalar elektron to‘lov tizimlari orqali hisob-kitob qilish imkoniyatini yaratishi shart bo‘ladi.

Agar ushbu tizimdan foydalanish rad etilsa, soliq qonunchiligiga muvofiq javobgarlik belgilanishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 2025 – 2030-yillarga mo‘ljallangan elektron to‘lovlar ulushini oshirish bo‘yicha rejalar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Maqsad – onlayn to‘lovlar ulushini 60 foizga yetkazish.

Uy-joylar qurilishi boʻyicha elektron platforma yaratiladi

Uy-joy
Foto: Sun’iy intellekt yordamida yasaldi

2025-yilning 1-iyulidan boshlab uy-joy qurilishi sohasidagi barcha moliyalashtirish jarayonlari yangi mexanizm asosida amalga oshiriladi. Jumladan, «eskrou» hisobvaraqlari orqali qurilishga ulushdorlarning mablagʻlarini jalb qilish mexanizmi joriy etiladi.

Shuningdek, «Shaffof qurilish» axborot tizimi doirasida yangi elektron platforma ishga tushiriladi. Ushbu platforma orqali uy-joylar qurilishi jarayoni va ularga aloqador barcha ma’lumotlar onlayn tarzda kuzatib boriladi.

Ayrim shifokorlarga 100 foizgacha ustama to‘lanadi

Foto: Skorzewiak / Depositphotos

O‘zbekistonning barcha davlat tibbiyot muassasalarida maxsus ko‘nikmalarni talab qiladigan davolash choralarini bajargan hamda xavfli amaliyotlarni samarali bajargan shifokorlar uchun 25 foizdan 100 foizgacha ustama to‘lanadi.

Yangi ta’lim tashkilotlari faoliyati ikki bosqichda yo‘lga qo‘yiladi

Ta’lim
Foto: Ipu-edu.uz/

Yangi tashkil etiladigan o‘rta maxsus, kasbiy, oliy hamda oliy ta’limdan keyingi muassasalar faoliyati ikki bosqichda yo‘lga qo‘yiladi.

1-bosqichda ta’lim faoliyatini boshlash uchun muassasalar belgilangan tartibda litsenziyalanadi. Kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazlari esa xabardor qilish tartibida ochiladi.

2-bosqichda esa kadrlar tayyorlanadigan ta’lim dasturlari maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkaziladi.

Toshkent va Buxoro viloyatlarida ichimlik suvi narxi oshadi

Ichimlik suvi
Foto: silverjohn / depositphotos.com

Yangi tariflarga ko‘ra, Toshkent viloyatida ichimlik suvi narxi bir kubometr uchun quyidagicha bo‘ladi:

  • aholi uchun – 2600 so‘m (2024-yilda 2000 so‘m etib belgilangandi);
  • budjet tashkilotlari va ulgurji iste’molchilar uchun – 15 ming so‘m (9000 so‘m).

Oqova suvi xizmati uchun:

  • aholiga – 1300 so‘m (1000 so‘m);
  • budjet tashkilotlari va ulgurji iste’molchilarga – 3000 so‘m (2000 so‘m).

Buxoro viloyatida esa quyidagicha:

  • aholi uchun – 4480 so‘m (2024-yilda 4000 so‘m etib belgilangandi);
  • issiqlik ta’minoti, diniy tashkilotlar va boshqalar uchun – 4480 so‘m;
  • budjet tashkilotlari uchun – 9520 so‘m (8500 so‘m);
  • ulgurji iste’molchilar uchun – 9520 so‘m (8500 so‘m).

Oqova suvi xizmati uchun:

  • aholiga – 4256 so‘m (3800 so‘m);
  • issiqlik ta’minoti, diniy tashkilotlar va boshqalar uchun – 4256 so‘m;
  • budjet tashkilotlari – 6272 so‘m (5600 so‘m);
  • ulgurji iste’molchilarga – 6272 so‘m (5600 so‘m).

Texnik suvi xizmati:

  • aholi uchun – 2240 so‘m (2000 so‘m);
  • boshqa iste’molchilar uchun – 2240 so‘m (2000 so‘m).
Shuningdek