AQSh Eronga 30 milliard dollarlik bitim taklif qilmoqda

eʼlon qilindi
Uran o‘rniga
AQSh Eronga $30 milliardlik investitsiya taklif qilmoqda. Illyustratsiya: ChatGPT

AQSh Eronga uranni boyitishdan voz kechish evaziga $30 milliardgacha investitsiya taklif qilmoqchi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Mazkur investitsiyalarni Yaqin Sharq mamlakatlari ta’minlaydi.

«Kimdir Eronning yadro dasturini moliyalashtirishi kerak bo‘ladi, lekin biz bunday majburiyatni zimmamizga olmaymiz», – degan Donald Tramp ma’muriyati vakili.

Bu mablag‘ Eronda tinch yadro dasturini rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, xorijiy banklarda muzlatib qo‘yilgan $6 milliard mablag‘ni Tehronga qaytarish rejasi ham bor.

AQSh va uning Yaqin Sharqdagi ittifoqchilari Isroilning zarbalari davrida Tehron bilan yashirin muzokaralar o‘tkazgan. Vashingtonning barcha diplomatik qadamlarining asosiy maqsadi — Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishining oldini olish edi.

Iyunning oxirida AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens eronliklar hujum oldidan olib chiqib ketgan 400 kg uranning taqdiri Vashingtonni qiziqtirayotganini bildirgan.

Bundan avval Oq uy prezidentning Eron hech qachon yadro quroliga ega bo‘lmasligi kerak degan qat’iy pozitsiyasini bir necha bor takrorlaganini ta’kidlagandi.

AQSh prezidenti Donald Tramp NATO sammiti doirasida jurnalistlarga bergan bayonotida Isroil agentlari AQSh zarbasidan keyin Erondagi Fordo yadroviy obyektiga kirgani va u yerda to‘liq vayronagarchilik yuz berganini aytdi. Unga ko‘ra, missiya a’lo darajada bajarilgan.

AQSh mudofaa vaziri Pit Hegseth ham bu operatsiyani «mukammal missiya» deb atab, bombalar aniq belgilangan joyga tushganini ta’kidladi.

«Fordo ostidagi inshootlar vayron qilindi», – dedi u.

Shu bilan birga, Isroil rasmiylari Kan telekanaliga bergan izohida Fordo yadroviy obyektiga Isroil agentlari yuborilgani haqida hech qanday ma’lumotga ega emasliklarini bildirgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oyatulloh Xomanaiy Eronni Isroil va AQSH ustidan erishilgan «g‘alaba» bilan tabriklagani haqida yozgandi.

Shuningdek