
Xitoyda Chery Fulwin A9L avtomobili taqdim etildi. Bu haqda Autohome texnologiyalar nashri xabar bermoqda.
Bu katta o‘lchamdagi mashina bo‘lib, uzunligi 5 metr, g‘ildirak bazasi esa 3 metrga teng. Narxi esa nisbatan arzon – $22,3 mingdan $32 minggacha.
Fulwin A9L o‘lchamlari bo‘yicha Toyota Camry XV80’dan katta, kuchliroq va yaxshiroq jihozlangan.

Modelning ichida sovutkich ham bor. Bazaviy versiyasida 1,5 litrli benzinli dvigatel va 374 ot kuchiga ega elektromotor o‘rnatilgan. Eng yuqori rusumda to‘liq g‘ildirakdan harakatlanadigan tizim va umumiy 639 ot kuchi mavjud.
Mashina 33,67 kVt/soat sig‘imli akkumulyator bilan ta’minlangan. Elektrda 230 km, umumiy yurish zaxirasi esa 2000 km dan ortiq. Yonilg‘i sarfi o‘rtacha 4,85 l/100 km.

Salonda 5 o‘rindiq bo‘lsa-da, yuqori versiyada orqa tomonda ikkita alohida kreslo bo‘ladi. Ularni orqa yo‘lovchilar podlokotkadan boshqarishlari mumkin. Kreslo sozlamalari, massaj, ovoz va boshqalar shu yerdan boshqariladi.
Old panelda raqamli asboblar, 15,6 dyuymli sensorli ekranli media tizim mavjud. Tizim Snapdragon 8255 protsessorida ishlaydi. 23 ta dinamikdan iborat ovoz tizimi 1 kVt quvvat beradi.

Chery Fulwin A9L ochiq savdosi 8-iyuldan boshlanadi.
Ma’lumot o‘rnida, Chery – Xitoyning avtomobil ishlab chiqaruvchisi bo‘lib, 1997-yilda tashkil etilgan. Kompaniya asosan yengil avtomobillar, SUV va boshqa vositalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. U Xitoyda davlatga qarashli bo‘lsa-da, mustaqil dizayn va muhandislik markazlariga ega.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chery Chevrolet Cobalt narxidagi avtomobillarini taqdim etgani haqida yozgan edi.