
Apple kompaniyasi Yevropa Ittifoqining raqobatga qarshi regulyatorlari talabiga binoan mijozlarni App Store’dan tashqariga yo‘naltirishdagi tijoriy to‘siqlarni olib tashlash maqsadida qoidalar va to‘lov tizimini o‘zgartirdi. Bu haqda Reuters axborot agentligi ma’lum qildi.
Apple bayonotiga ko‘ra, endilikda dasturchilar App Store orqali amalga oshirilgan xaridlar uchun 20 foizlik komissiya to‘laydi. Biroq bu to‘lov Apple’ning kichik biznes dasturida ishtirok etuvchilar uchun 13 foizgacha kamaytirilishi mumkin.
Shuningdek, dasturchilar mijozlarni App Store’dan tashqaridagi to‘lov tizimlariga yo‘naltirsa, ular eng kamida 5 foiz, eng ko‘pida esa 15 foizlik to‘lovni amalga oshiradi. Apple endilikda dasturchilarga tashqi to‘lov sahifalariga istalgancha havolalar qo‘shishga ruxsat beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda Apple mahsulotlarini xarid qilganlarga subsidiya to‘lanishi haqida yozgan edik.