
Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning uzoq muddatli xorijiy valyutadagi kredit reytingini «BB-» dan «BB» darajasiga oshirdi. Reyting bo‘yicha prognoz «barqaror» deb baholandi.
O‘zbekiston nega bu reyting darajasini oldi
Ushbu daraja berilishiga sabab, moliyaviy tizim, davlat korxonalari va tarif siyosatidagi o‘zgarishlar, shuningdek, davlat boshqaruvi va shaffoflikni oshirish bo‘yicha bosqichma-bosqich chora-tadbirlar Fitch tomonidan ijobiy baholanishiga sabab bo‘ldi.
Shuningdek, 2024-yilda budjet taqchilligi YaIMga nisbatan 3% atrofida bo‘lib, kutilganidan yaxshiroq natijani ko‘rsatdi. Energiya subsidiyalari kamaytirilgani fiskal barqarorlikka ijobiy ta’sir qildi.
1-iyun holatiga ko‘ra, valyuta zaxiralari (asosan oltin) $49,7 milliardga yetdi. Bu tashqi to‘lovlarni 10 oy davomida qoplash imkonini beradi.
Davlat qarzi 2025–2026-yillarda YaIMga nisbatan 32% atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich «BB» reytingidagi davlatlar o‘rtacha darajasidan ancha past.
2025–2026-yillarda O‘zbekiston iqtisodiyoti 6,3% o‘sishi kutilmoqda. Bu xizmatlar sohasi kengayishi, islohotlar va eksportga bo‘lgan talab bilan bog‘liq.
Yillik inflyatsiya 2025-yil may oyida 9 foizdan pastga tushdi. Depozitlardagi dollar ulushi esa 24,5%gacha kamaygan.
Reytingga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillar
Fitch agentligi quyidagi holatlar reytingga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini qayd etdi:
- Tashqi savdo taqchilligi yoki pul o‘tkazmalari pasayishi;
- Davlat qarzining keskin oshishi yoki budjet zaxiralari kamayishi;
- Tovar narxlaridagi o‘zgarishlarga yuqori bog‘liqlik.
Reyting yanada oshishi mumkin bo‘lgan holatlar:
- Strukturaviy islohotlar chuqurlashishi;
- Davlat boshqaruvi va korrupsiyaga qarshi kurashda jiddiy yutuqlarga erishish;
- Davlat moliyasida barqaror tejamkorlik ta’minlanishi.
Fitch agentligi O‘zbekistonda inflyatsiyani pasaytirish, islohotlarni chuqurlashtirish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha ijobiy siljishlar davom etishini kutmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan aprel oyida Fitch Ratings Toshkentga BB-xalqaro kredit reytingini bergani haqida yozgandi.