Gadjetlar

Honor Magic V5 buklanadigan telefonlar bozorida eng yaxshisi bo‘ladi – Li Kun

Boshqalar orqaga ketayotgan bir paytda, Honor oldinga qadam tashlamoqda
Honor Magic V5
Honor Magic V5 buklanadigan telefonlar bozorida eng yaxshisi bo‘ladi / Foto: Honor

Honorning mahsulotlar bo‘yicha vitse-prezidenti Li Kun Honor Magic V5 haqida muhim tafsilotlarni oshkor qildi. Bu haqda ITHome nashri ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda buklanadigan ekranli qurilmalar nafaqat ekran hajmi bilan, balki tasvir sifatidan tortib, sun’iy intellekt imkoniyatlarigacha bo‘lgan keng doirada foydalanuvchi tajribasini takomillashtirish yo‘lida rivojlanmoqda.

«Bizning maqsadimiz – birinchi darajali tajriba va konfiguratsiyani olib kelish», – dedi Li Kun.

Yangi model aynan shu yo‘nalishda ishlab chiqilgan: yangi apparat va dasturiy platforma integratsiyasi orqali yaxshilangan tasvir sifati, Honor AI Light Control Engine yordamida ultra tiniq suratlar, AI stilizatsiyasi va AI asosidagi telefoto imkoniyatlari taqdim etiladi.

Bundan tashqari, foydalanuvchilar suratlarni tahrirlashda «Sehrli suratlar» funksiyasi orqali ko‘proq o‘yinchan va ijodiy yondashuvlarga ega bo‘ladilar.

Foto: Li Kun / ITHome

Li Kunning so‘zlariga ko‘ra, Honor sohada tasvir sifati bo‘yicha o‘z raqobatchilaridan o‘zib ketmoqda. U buni kompaniyaning Magic 7 flagman modeli va so‘nggi Honor 400 liniyasi misolida izohladi.

«Boshqalar orqaga ketayotgan bir paytda, Honor oldinga qadam tashlamoqda. Kimdir yutqazadi, kimdir yutadi – biz o‘z afzalliklarimizni tasvir sifatida yaqqol ko‘rsatamiz», – deya qo‘shimcha qildi Li Kun.

Magic V5’ning yana bir muhim jihati, bu – sun’iy intellekt. Li Kun Honor kompaniyasini «SI bilan aqlli korpus»ni ishlab chiqargan ilk ishlab chiqaruvchi sifatida e’tirof etdi. Shuningdek, Honor mobil telefonlarga DeepSeek sun’iy intellekt tizimini birinchi integratsiya qilgan kompaniya hisoblanadi.

«Magic V5 taqdim etadigan eng katta syurpriz – bu aynan AI tajribasi. Bugungi kunda sun’iy intellekt Honor’ning asosiy raqobatbardosh ustunligiga aylangan», – dedi Li Kun.

Yakunda Li Kun yangi qurilma bilan kompaniya buklanadigan ekranli smartfonlar bozorida sifat, qulaylik va texnologik ilg‘orlik bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallashni ko‘zlayotganini ta’kidladi.

2-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan matbuot anjumanida Magic V5 haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etilishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Honor Magic V5 ochilmasidan oldin ko‘rsatilgani haqida xabar bergan edi.