
Leapmotor kompaniyasining yangi Leapmotor B01 elektromobili 29-iyun kuni Xitoyda oldindan buyurtmaga taqdim etiladi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Mashina narxi taxminan 150 ming yuan ($21 ming) bo‘lishi kutilmoqda. U, asosan, yosh xaridorlarga mo‘ljallangan.
Model ikki xil yurish zaxirasiga ega – 550 km va 650 km. Rasmiy savdo iyul oyida boshlanishi rejalashtirilgan. U BYD Qin L EV va Xpeng Mona M03 modellari bilan raqobatlasha oladi.

Leapmotor B01 LEAP 3.5 arxitekturasiga asoslangan. Mashina uzunligi 4770 mm, eni 1880 mm, balandligi 1490 mm, g‘ildiraklar bazasi esa 2735 mm. U 800 voltli tizim, CTC 2.0 texnologiyasi, Snapdragon 8650 chipi va 27-in-1 issiqlik boshqaruv tizimi bilan jihozlangan.
Avtomobilning tashqi ko‘rinishida tom qismida lidar, old va orqa tomonda uzluksiz chiroqlar, qora oynalar va yon ko‘zgular ajralib turadi.

Avtomobil ilg‘or avtopilot tizimi bilan ta’minlangan. U 11 ta kamera, 5 ta millimetrli radar va 12 ta ultratovushli sensorga ega. Bu tizim Snapdragon 8650 chipi asosida ishlaydi. Mashina avtomatik tarzda shahar va trassalarda harakatlana oladi.

U ikki xil motor bilan taklif etiladi: 132 kVt (177 ot kuchi) yoki 160 kVt (215 ot kuchi). Batareyalar 56,2 kVt/soat va 67,1 kVt/soat bo‘lib, CLTC standarti bo‘yicha 550 km va 650 km yurish imkonini beradi.
Shuningdek, arzonroq versiyasi ham chiqishi rejalashtirilgan. U 100 kVt (134 ot kuchi) quvvatga ega elektromotor bilan jihozlanadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Leapmotor C16’ning yangilangan 2026 modeli Xitoyda taqdim etilishi haqida yozgan edi.