
Aholiga ijtimoiy pulli xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi «Mahalla servis» kompaniyalari uchun bir qator soliq imtiyozlari joriy qilindi. Bu haqda yangi qonunda qayd etildi.
Qonun bilan bu kompaniyalar tomonidan amalga oshiriladigan obodlik ishlari va qonunchilikda belgilangan ijtimoiy pulli xizmatlardan olingan mablag‘lar soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritildi.
Shuningdek, ushbu xizmatlar ko‘rsatiladigan binolar joylashgan yer uchastkalari endilikda yer solig‘i solish obyekti hisoblanmaydi.
Qonunga ko‘ra, quyidagi daromad turlari ham soliqdan ozod qilinadi:
- Chernobil AESdagi halokat oqibatlarini tugatishda ishtirok etgan fuqarolar va ularning turmush o‘rtoqlarining daromadlari;
- «Mahalla servis» kompaniyalari xodimlarining ish haqi tarzidagi daromadlari.
Jizzax viloyatining Sharof Rashidov va Toshkent viloyatining Ohangaron tumanlarida tashkil etilgan charm-poyabzal sanoat zonalarini boshqarish direksiyalari 2025-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvargacha mol-mulk, yer va suv solig‘idan ozod etiladi.
Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan ortiqcha to‘langan soliq 3 kunda hisobga olinishi haqida xabar bergan edi.