Yangiliklar

«Manchester Siti» egasi O‘zbekistondan futbol klubi sotib olishi mumkin – Otabek Umarov

Bu yo‘nalishda hali qiladigan ishlarimiz ko‘p
"Manchester Siti" egasi
«Manchester Siti» egasi O‘zbekistondan futbol klubi sotib olishi mumkin – Otabek Umarov / Foto: Olimpiya qo‘mitasi

City Football Group (CFG) – «Manchester Siti» egasi O‘zbekistondagi futbol klublaridan birini sotib olish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov jurnalistlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Uning aytishicha, yaqinda o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanovning «Manchester Siti» safiga o‘tishi klubga mintaqadan millionlab yangi muxlislarni jalb qildi.

«Agar O‘zbekistonda 37-38 million aholi istiqomat qilsa, bu futbolchimiz tufayli Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridan ham muxlislar «Manchester Siti»ni muntazam kuzatib borishni boshladi», – dedi Umarov.

Shuningdek, u City Football Group tomonidan yana bir o‘zbekistonlik futbolchini taklif qilish va O‘zbekistondagi klubni o‘z tizimlariga qo‘shish rejalashtirilayotganini qayd etdi.

«Ularning rejasida O‘zbekistondan yana bir sportchini jalb qilish va hozirda 12 ta klubdan iborat guruhga O‘zbekiston klubini 13-klub sifatida qo‘shish bor», – deydi MOQ vakili.

Avgust oyida O‘zbekiston delegatsiyasi Angliyaga tashrif buyurishi, seleksiya, tayyorgarlik va futbolchilarni rivojlantirish jarayonlari bilan yaqindan tanishishi rejalashtirilgan.

«Bu yo‘nalishda hali qiladigan ishlarimiz ko‘p», – dedi Otabek Umarov.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Abduqodir Husanov jamoadoshi Klaudio Echeverri jarohat olib safdan chiqqani haqida xabar bergan edi.