O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikni kengaytirishga tayyor – Mirziyoyev

27-iyun kuni Minskda o‘tgan Oliy darajadagi Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, prezident Belarus tomonidan kengashga raislik qilinayotgani va ko‘p tomonlama hamkorlik faollashganini e’tirof etdi.
Davlat rahbari global iqtisodiy beqarorlik, proteksionizm va sanksiyalar tufayli yuzaga kelgan muammolarni tilga olib, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) bilan hamkorlik O‘zbekiston uchun tashqi iqtisodiy siyosatning ustuvor yo‘nalishi ekanini ta’kidladi.
«Bizning tabiiy va an’anaviy sheriklarimiz bo‘lgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish tashqi iqtisodiy siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidlab o‘tmoqchiman», – deydi Mirziyoyev o‘z nutqida.
Davlat rahbari so‘nggi to‘rt yilda YOII mamlakatlari bilan savdo aylanmasi 80 foizga oshib, 18 milliard dollarga yetganini, qo‘shma loyihalar soni uch barobar ko‘payganini ma’lum qildi. Mart oyida o‘tkazilgan Qo‘shma ishchi guruh majlisi natijasida texnik to‘siqlarni bartaraf etish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.
O‘zbekistonning YOII doirasidagi ishtiroki elektron savdo, raqamli transport yo‘laklari, agrokooperatsiya, sun’iy intellekt texnologiyalari, mehnat migratsiyasi va boshqa sohalarda ham kengayib borayotgani ta’kidlandi.
Mirziyoyev, shuningdek, «Chegara bilmaydigan ish» platformasiga qo‘shilish istagini bildirdi.
U nutqining yakunida O‘zbekiston YOII doirasida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishga sodiq qolishini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Mo‘g‘ulistonga jo‘nab ketgan edi.