
O‘zbekistonda aliment to‘lovlari miqdorini qayta ko‘rib chiqish taklif etildi. Bu haqda Yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.
Senatning sakkizinchi yalpi majlisida voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun aliment undirish va to‘lash tizimini takomillashtirish masalasi muhokama qilindi.
Senatorlar aliment undirish tizimida qator muammolar mavjudligini qayd etishdi. Ayrim ota-onalar farzandlariga moddiy ta’minot berish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmayotgani ta’kidlandi. 2023-yilda 5 697 nafar, 2024-yilda esa 8 833 nafar shaxs aliment to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Bundan tashqari, o‘tgan yili jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 1 109 ta ayblov hukmi chiqarilgan.
Alimentni ish joyi va daromadi bo‘lmagan qarzdorlardan undirish bo‘yicha ham muammolar mavjud. Shu bilan birga, Gaaga Konvensiyasiga qo‘shilish, «Aliment to‘lovlari» jamg‘armasi manbalarini kengaytirish, aliment majburiyatlarini yagona axborot tizimiga integratsiya qilish bo‘yicha ishlar sust kechayotgani tanqid qilindi.
Bundan tashqari, voyaga yetmagan bolalar nomiga bank hisobvarag‘ini ochish bo‘yicha huquqiy asoslar belgilanmagani sababli aliment pullari boshqa hisobvaraqlarga o‘tkazib kelingani muammolardan biri sifatida ko‘rsatildi.
Muhokama yakunida Senat yuqoridagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborishga qaror qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar 10 foizga oshishi haqida yozgandi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 1-iyulidan boshlab:
- Yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori oyiga 918 ming so‘m bo‘lib belgilanmoqda.
- Nogironligi bo‘lgan fuqarolarga beriladigan minimal pensiya miqdori esa 1,012 mln so‘mni tashkil etadi.
Kam ta’minlangan oilalarga ajratiladigan bolalar nafaqasi quyidagi tartibda ko‘rib chiqiladi:
- 3 yoshgacha bo‘lgan bir nafar bola uchun – 360 ming so‘m,
- 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bir nafar bola uchun – 275 ming so‘m,
- Ikkinchi bola uchun – 165 ming so‘mlik qo‘shimcha,
- Uchinchi va undan keyingi farzandlar uchun – har biriga 110 ming so‘mdan ajratiladi.
Shuningdek, budjet tizimidagi tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar hamda stipendiya oluvchilar uchun to‘lovlar 2025-yil 1-avgustdan boshlab 10 foizga oshiriladi.