
O‘zbekistonga noqonuniy kiritilayotgan iPhone’lar oqimi to‘sib qo‘yildi. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xabar berdi.
Qirg‘izistondan O‘zbekistonga telefon va dori-darmon kontrabandasi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh faoliyati fosh etildi.
Huquq-tartibot organlari uch nafar jinoyatchini qo‘lga oldi va O‘sh viloyatida tovar vaqtincha saqlangan joylarda tintuv o‘tkazdi. Qo‘mita xodimlari yuzdan ortiq iPhone smartfonlari va o‘nlab quti dori vositalarini musodara qildi.
Jinoiy guruh a’zolari bu kabi tovarlarni Qirg‘izistonga noqonuniy ravishda olib kirib, keyin ularni Qirg‘iziston – O‘zbekiston chegarasidagi himoyasiz hududlar orqali yashirincha o‘tkazish bilan shug‘ullanib kelgan. Qo‘lga olinganlarga nisbatan kontrabanda bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, ular vaqtinchalik qamoqqa olindi.
Maxsus xizmatlar jinoyat sxemasining barcha ishtirokchilarini aniqlash bo‘yicha tergovni davom ettirmoqda.
Bundan avval Jizzaxda kuchli ta’sir qiluvchi dorilar savdosiga chek qo‘yilgandi. Unga ko‘ra, viloyatning G‘allaorol tumanida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy sotib kelgan fuqaro ushlangan. U boshqa bir fuqaroga 12 quti kuchli dorini 3,5 mln so‘mga sotayotgan paytda ushlangan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Yana bir holatda boshqa davlatlardan O‘zbekistonga noqonuniy olib kirilgan 8,2 kg giyohvandlik moddasi ushlab qolingan.
Xabarga ko‘ra, Qashqadaryo, Namangan, Farg‘ona va Samarqand viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida qo‘shni davlatlardan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan jami 8,2 kg giyohvandlik moddasi musodara etilgan.