Yangiliklar

O‘zbekistonlik xodimlarning uchdan bir qismi ayrim ishlarni SI’ga topshirmoqchi

ChatGPT’dan foydalanganlar soni 68 foizga yetgan
Foto: Sora sun’in intellekti yordamida tayyorlandi

O‘zbekistonda xodimlarning 64 foizi sun’iy intellektdan ish jarayonida foydalanmoqda. Bu haqda HeadHunter tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda keltirilgan. Tahlillar «Kursiv» nashriga taqdim etildi.

Unga ko‘ra, 190 dan ortiq respondent qatnashgan so‘rov natijalariga ko‘ra, sun’iy intellekt (SI) eng ko‘p ishlab chiqarish, IT va moliya sohalarida qo‘llanilmoqda. Shu bilan birga, logistika, biotexnologiya va huquq kabi noan’anaviy yo‘nalishlarda ham SI’ga qiziqish ortib bormoqda.

So‘rov qatnashchilarining katta qismi, ya’ni 64 foizi sun’iy intellektdan ishda foydalanayotganini bildirgan. Ulardan 22 foizi bu texnologiyani kundalik faoliyatining ajralmas qismiga aylantirgan. Yana 20 foizi yaqin kelajakda uni ish jarayoniga joriy etishni rejalashtirmoqda.

Ishchilarning fikricha, sun’iy intellekt asosan vaqtni tejaydi, ortiqcha yukni kamaytiradi va ish unumdorligini oshiradi. Ayniqsa, matn yozish, axborot izlash, hisobot tuzish, xabarlar bilan ishlash va raqamli hujjatlarni tayyorlash kabi funksiyalar ko‘pchilik tomonidan aynan SI’ga topshirilgan. Tadqiqotga ko‘ra, ChatGPT eng keng tarqalgan vositalardan biri bo‘lib, undan foydalanganlar soni 68 foizga yetgan.

Shuningdek, ishtirokchilarning 36 foizi o‘z mehnati faqat insoniy yondashuv orqali amalga oshirilishini ta’kidlagan. Biroq 34 foiz so‘rov ishtirokchisi sun’iy intellekt ularning ishining ayrim qismlarini almashtirishi mumkinligini tan olgan.

Qiziq tomoni shundaki, foydalanuvchilar SI bilan aloqa qilishda ham turlicha yondashuvlarni tanlaydi. Kimdir aniq buyruqlar beradi, boshqalar esa hurmatli va samimiy uslubni afzal ko‘radi. Bu esa inson va mashina o‘rtasidagi aloqa shakli ham o‘zgarib borayotganini ko‘rsatadi.

Tadqiqot natijalari O‘zbekistonda sun’iy intellektga nisbatan ochiqlik yuqori ekanligini, ammo hali keng aholi qatlamlari uchun raqamli ko‘nikmalarni oshirish bo‘yicha imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Avvalroq «Kursiv» nashri o‘zbekistonliklarning ko‘pchiligi diplomi bo‘yicha ishlamasligi haqida yozgandi.