Polshada to‘rt kunlik ish haftasi joriy qilinadi

2025-yil 30-iyundan boshlab Polshada to‘liq ish haqi saqlangan holda to‘rt kunlik ish haftasi tajriba tariqasida joriy etiladi. Bu tashabbus xodimlar hayot sifatini oshirish, ish va shaxsiy hayot o‘rtasida muvozanat yaratish hamda demografik inqirozga qarshi kurashish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Yangi tizimga ko‘ra, ish beruvchilar xodimlarga bir nechta variantni taklif etish imkoniga ega bo‘ladi:
- haftalik ish kunlarini 4 kungacha qisqartirish;
- kundalik ish soatini 6 soatgacha kamaytirish;
- yoki qo‘shimcha pullik ta’til kunlarini berish.
Ish beruvchilar ish vaqtini tashkil etish bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish huquqiga ega bo‘ladilar. Standart 5 kunlik ish haftasi saqlanib qolishi mumkin, lekin bu dam olish kunlari bilan qoplash orqali amalga oshiriladi.
Tizimga o‘tish bosqichini yengillashtirish uchun korxonalar va davlat idoralariga 1 mln zlotiygacha moliyaviy yordam ko‘rsatiladi. Hukumat bu islohotni demografik o‘sishni rag‘batlantiruvchi strategik choralar qatoriga kiritgan.
Rasmiylar fikricha, ish vaqtining qisqartirilishi xodimlarga o‘z oilalariga va shaxsiy hayotiga ko‘proq vaqt ajratish imkonini beradi. Bu esa tug‘ilish darajasining oshishiga hamda ijtimoiy aloqalarning mustahkamlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Loyiha 2027-yil noyabr oyiga qadar to‘liq tatbiq etilishi rejalashtirilgan. U sinov tariqasida bosqichma-bosqich joriy qilinadi va samaradorlik doimiy monitoring ostida baholanadi.
Shu tarzda Polsha, Fransiya, Ispaniya, Belgiya va Skandinaviya davlatlarida allaqachon boshlangan qisqa ish haftasi tajribasiga qo‘shilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Buyuk Britaniya to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tayotgani haqida xabar bergan edi.