Yangiliklar

Saudiyada kapsula shaklidagi yangi kurort zona ish boshladi

Bir kecha uchun bron qilish narxi 9,000 Saudiya rialidan ($2,400) boshlanadi
Qizil dengiz ustida kapsula shaklidagi yangi kurort zona ish boshladi. Foto: Red sea global

Saudiya Arabistonida navbatdagi hashamatli dam olish maskani qurilishi yakunlandi. Shebara Resort nomli ushbu loyiha Qizil dengiz ustida yaltirab turgan kapsula shaklidagi villalar majmuasidan iborat.

Shebara Resort Dubaydagi mashhur Kelajak Muzeyi loyihasini yaratgan Killa Design kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Interyerlari esa Studio Paolo Ferrar tomonidan bezatilgan. Kurort Saudiyaning Tabuk sohilidan uzoqda, yakka holda joylashgan bo‘lib, u yerga dengiz samolyoti orqali boriladi.

Foto: Red sea global

Kurort jami 73 ta villadan iborat: 38 tasi dengiz ustidagi villalar, 35 tasi esa quruqlikdagi uylar. Dengiz ustidagi villalar zanglamaydigan po‘latdan yasalgan pod shaklidagi ko‘rinishga ega. Ular xuddi dengiz ustida suzib turgandek tuyuladi, aslida esa ularni maxsus konstruksiya ushlab turadi.

Bu villalarda ikki xonagacha joy va ikki kattalar, bitta bola hamda chaqaloq uchun joy mavjud. Quruqlikdagi villalar ham shunga o‘xshash, lekin kattaroq bo‘lib, to‘rt xonagacha va sakkiz kattalarni hamda to‘rt bolani sig‘dira oladi.

«Agar ushbu sharlarning oldida tursangiz, ular ufqqa singib ketgandek ko‘rinadi, go‘yo sarobdek yaltiraydi. Villalarning tag qismi dengiz yoki qumni aks ettiradi, tomi esa osmonga o‘xshaydi va tongdan to quyosh botguncha o‘zgarib, atrof muhit bilan uyg‘unlashadi. Dengiz ustidagi villalar to‘lqinlar ustida osilib turadi va ularni o‘rab turgan rang-barang marjon bog‘laridan bir tosh otim narida joylashgan. Villalar tabiiy marjon rifidan 50 metr (164 fut) orqaroqqa surilgan bo‘lib, ularni ushlab turuvchi ustunlar yer yuzasida juda kam maydonni egallaydi – bu yondashuv lagunadagi tabiiy yashash joylarini himoya qilish bo‘yicha doimiy majburiyatga mos keladi», — deyiladi mazkur dam olish maskani matbuot xizmati xabarida.

Yakka holda joylashganligi sababli, bu maskanda ichimlik suvi olish uchun sho‘r suvni chuchuklash tizimi va elektr ta’minoti uchun o‘zining quyosh elektr stansiyasi mavjud. Qiziq tomoni shundaki, quyosh panellari aylana shaklida joylashtirilgan bo‘lib, mehmonlar velosiped yoki piyoda yo‘llari orqali ularning ichidan o‘tib, qanday ishlashini ko‘rishlari mumkin.

Kurortda ko‘plab qulaylik va xizmatlar mavjud: yuqori darajadagi restoranlar, sport zali, spa va sog‘lomlashtirish markazi, shuningdek, sho‘ng‘ish va vindsorfing kabi faoliyat turlari. Bir kecha uchun bron qilish narxi 9 ming Saudiya rialidan ($2,4 ming) boshlanadi.

Qizil Dengiz loyihasi Saudiya Arabistonining davom etayotgan yirik gigaloyihalaridan biri bo‘lib, Neom va Qiddiya kabi loyihalar bilan bir qatorda amalga oshirilmoqda. Hozirgacha Desert Rock va Laheq turistik maskanlari qurib bitkazilgan.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonning Saudiya Arabistoni bilan qo‘shma loyihalar portfeli 24 milliard dollarga yetgani haqida yozgandi.