TBC Bank BILLZ startapining nazorat ulushini sotib qilmoqda

TBC Bank Group O‘zbekistonda chakana savdoni avtomatlashtirishga ixtisoslashgan BILLZ startapining nazorat ulushini xarid qilmoqda. Bu haqda kompaniya «Kursiv» nashriga ma’lum qildi.
TBC Group dastlab BILLZ aksiyalarining 53 foizini $9 millionga sotib oladi. Kelgusi ikki yilda bu ulush 60 foizgacha oshiriladi. Shartnomaga ko‘ra, TBC platformaning qolgan 40 foizini keyinchalik sotib olish huquqini ham qo‘lga kiritgan. Natijada BILLZ’ning umumiy qiymati $20 millionga baholanmoqda.
Bitim O‘zbekiston texnologik sektori tarixidagi eng yirik M&A operatsiyalardan biri bo‘lib, TBC Uzbekistan ekotizimi uchun muhim hisoblanadi.
«Bizning rejalarimiz O‘zbekistonning texnologik sektorini rivojlantirishning muhim bosqichini belgilab bergan yangi sheriklik doirasida innovatsiyalarni joriy etishni davom ettirish va mahsulot turlarini kengaytirishdan iborat. Biz Rustam Hamdamov va BILLZ asoschilar jamoasi tomonidan amalga oshirilgan ishlarni hamda platformani sanoat yetakchilaridan biriga aylantirganlarini yuqori baholaymiz, va BILLZning TBC tuzilmasiga integratsiyalashuvini olqishlaymiz. Ishonchim komilki, bu hamkorlik platformaning o‘sishi va rivojlanishiga yordam beradi va ekotizimimiz doirasida qo‘shimcha sinergik ta’sir ko‘rsatadi, bu esa mijozlarni yanada ko‘proq jalb qilish, ularning sodiqligini oshirish va daromadlarning o‘sishiga olib keladi», – dedi TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdiani.
BILLZ platformasi o‘z brendini saqlab qolgan holda TBC Uzbekistan raqamli ekotizimiga to‘liq integratsiya qilinadi. BILLZ jamoasi esa o‘z faoliyatini mustaqil tarzda davom ettiradi.
«TBC Uzbekistan bilan hamkorlik nafaqat BILLZ, balki butun Markaziy Osiyo startap ekotizimi uchun muhim yutuqdir. So‘nggi bir necha yil ichida biz biznesni rivojlantirish va raqamlashtirish uchun zamonaviy vositalarni chakana savdo sohasida minglab kichik biznes uchun qulay qilish ustida ishladik. TBC Uzbekistan bilan hamkorlik bizning imkoniyatlarimizni sezilarli darajada kengaytiradi, mijozlarga ular uchun dolzarb bo‘lgan yangi xizmatlarni taklif qilish va mintaqada strategik vazifalarni amalga oshirishni jadallashtirish imkonini beradi. Biz jamoamizning yutuqlari bilan faxrlanamiz va TBC bilan hamkorlik biznesimizni rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochishiga aminmiz», – dedi BILLZ asoschisi Rustam Hamdamov.
Bitim bo‘yicha TBC Capital yuridik va moliyaviy maslahatchi sifatida ishtirok etdi.
BILLZ haqida
BILLZ – bu kichik va o‘rta biznes uchun chakana savdoni avtomatlashtirishga mo‘ljallangan SaaS platforma bo‘lib, POS tizimi, zaxira boshqaruvi, CRM, elektron tijorat va tahliliy vositalarni birlashtiradi. Bugungi kunda platforma 4 mingdan ortiq savdo korxonalari bilan hamkorlik qiladi va oyiga 1,5 milliondan ortiq tranzaksiya amalga oshiriladi.
TBC bilan hamkorlik natijasida BILLZ foydalanuvchilari TBC Bank, Payme to‘lov tizimi, nasiya xizmatlari va boshqa bank mahsulotlariga qulay kirish imkoniga ega bo‘ladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan TBC Uzbekistan o‘z faoliyatini yagona tizim TBC Digital’ga birlashtirgani haqida yozgandi.