
Tinch okeanidagi Tuvalu orolining aholisi Avstraliyaning yangi iqlim vizasi uchun faol ariza bermoqda. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.
16-iyundan boshlab ochilgan dastlabki navbatda 1124 ta ariza qabul qilindi. Bu esa oila a’zolarni hisobga olgan holda 4052 fuqaroni, ya’ni aholining uchdan bir qismini tashkil etadi. 2022-yilgi aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda jami 10 643 kishi yashaydi.
Avstraliya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan «muqarrar iqlimiy ko‘chishga qarshi tarixiy javob» sifatida taqdim etilgan viza har yili tasodifiy tanlov asosida atigi 280 nafar tuvalulik fuqaroga beriladi.
Ma’lumot uchun, Tuvalu – dengiz sathidan bor-yo‘g‘i 5 metr balandlikda joylashgan. Bu uni sayyoradagi eng ko‘p iqlim xavfiga duchor bo‘lgan davlatlardan biriga aylantiradi. NASA olimlari prognozlariga ko‘ra, 2050-yilgacha orolning aksariyat yer maydonlari va muhim infratuzilmalari suv ostida qolishi mumkin.

Ushbu yangi Pacific Engagement Visa egalariga Avstraliyada doimiy yashash, kirib-chiqish erkinligi va fuqarolar bilan teng darajadagi ijtimoiy xizmatlardan foydalanish huquqi taqdim etiladi.
2025-yilgi tanlovda qatnashish narxi 25 avstraliya dollari (taxminan $16,3) etib belgilangan. Ariza topshirish 18-iyulga qadar davom etadi.
Ushbu viza dasturi 2024-yil avgustida e’lon qilingan Avstraliya – Tuvalu Falepili ittifoqi doirasida taqdim etilgan bo‘lib, unda Avstraliya Tuvaluni tabiiy ofatlar, sog‘liqni saqlash inqirozlari va harbiy tahdidlar paytida himoya qilishga huquqiy majburiyat olgan.
«Okean sathi ko‘tarilishi natijasida iqlim o‘zgarishi Tuvaluga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa-da, birinchi bor bir davlat Tuvalu suvereniteti va davlat sifatidagi maqomini tan olish majburiyatini huquqiy jihatdan olmoqda», – deya bayonot bergan edi o‘tgan yili bosh vazir Feleti Teo.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Germaniya vizalarida apellyatsiya tartibi bekor qilingani haqida yozgandi.