Xiaomi kompaniyasi Smart Band 10 fitnes-bilaguzugini chiqardi

27-iyun 2025 12:35 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Xiaomi kompaniyasi Smart Band 10 fitnes-bilaguzugini chiqardi. Foto: Xiaomi

Xiaomi kompaniyasi Xiaomi Smart Band 10 fitnes-bilaguzuk modelini taqdim etdi. Bu haqda kompaniya «Kursiv» nashriga xabar qildi.

Qurilma yangi dizayn, kengaytirilgan sport funksiyalari va sog‘liqni kuzatish imkoniyatlari bilan chiqdi. Ushbu model 1,72 dyuymli AMOLED ekran bilan jihozlangan bo‘lib, yorqinligi 1500 nitgacha yetadi. Bu esa to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh ostida ham ekranni aniq ko‘rish imkonini beradi.

Bilaguzuk Pearl White (Marvarid o‘qi) keramik korpusda ishlab chiqilgan, uni osma kulon tarzida ham taqish mumkin. Qurilma 150 dan ortiq sport rejimini qo‘llab-quvvatlaydi. Yangilangan suzish rejimi yurak urishini real vaqtda o‘lchash va basseyndagi aylanishlarni hisoblash imkonini beradi. Bilaguzuk 5ATM suv o‘tkazmaslik darajasiga ega va 9-o‘qli sensor bilan ishlaydi.

Yangi model uyqu nazoratiga alohida e’tibor bergan. Endi foydalanuvchi faqat uyqu davomiyligini emas, balki uyqu samaradorligi va uning fazalarini ham baholashi mumkin. Qurilmada World Sleep Society va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan 21 kunlik uyquni yaxshilash dasturi mavjud.

Shuningdek, Smart Band 10 qondagi kislorod darajasi, yurak urishi, stress kabi ko‘rsatkichlarni kuzatib, Bluetooth orqali yurak ritmini boshqa qurilmalarga uzatadi. Qurilma Xiaomi HyperOS 2 tizimi bilan to‘liq moslashgan bo‘lib, smartfon, planshet va quloqchinlarni bevosita bilaguzuk orqali boshqarish imkonini beradi.

Unda 200 dan ortiq tsiferblat, mini-o‘yinlar, kalendar, tezkor javoblar va boshqa funksiyalar mavjud.

Avtonom ishlash muddati oddiy rejimda 21 kungacha, Always-on Display yoqilgan holda esa 9 kungacha yetadi. Qurilmani to‘liq quvvatlash uchun atigi bir soat kifoya qiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi YU7’ning test-drayv videosi muddatidan oldin e’lon qilingani haqida yozgandi.

Shuningdek