
Samsung kompaniyasi Hindistonda yangi Samsung Galaxy M36 smartfonini taqdim etdi. Bu model katta akkumulyator sig‘imi bilan emas, balki sun’iy intellekt funksiyalari va uzoq muddatli dasturiy yangilanishlar bilan ajralib turadi.
Galaxy M36 6,7 dyuymli Full HD+ AMOLED ekran (120 Gs) va Gorilla Glass Victus+ himoyasi bilan jihozlangan. Qurilma Exynos 1380 protsessori, Android 15 tizimi va Galaxy AI’ning ayrim funksiyalariga ega. Uning asosiy kamerasi 50 MP (OIS bilan), 8 MP va 2 MP yordamchi sensorlarga ega, old kamera esa 13 MP.
Akkumulyator sig‘imi 5000 mA/soatni tashkil etadi, maksimal tezkor quvvatlash esa 25 Vt. Qurilmaning qalinligi 7,7 mm, og‘irligi esa 197 gramm. Wi-Fi 6 va Bluetooth 5.3 kabi zamonaviy adapterlar ham mavjud.
Eng e’tiborga molik jihati, oltita Android versiyasi yangilanishi: Galaxy M36 Android 15 bilan taqdim etilib, Android 21 gacha yangilanadi. Bu esa 6 yilgacha dasturiy qo‘llab-quvvatlashni anglatadi.
Smartfon quyidagi narxlarda taqdim etilgan:
- 6/128 GB – $205
- 8/128 GB – $225
- 8/256 GB – $260
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy Jump 4 Business taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.