
BMW kompaniyasi dasturiy ta’minotdagi jiddiy nosozlik sababli i4, i5, i7 va iX modellariga kiruvchi 71 mingga yaqin elektromobillarini chaqirib olmoqda. Bu haqda Speedme nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, AQShning Milliy yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan tizim noto‘g‘ri tarzda «ikki marta izolyatsiya» holatini xavfli deb baholangan. Bu esa avtomatik tarzda yuqori voltli quvvat tizimini o‘chirib qo‘yadi.
Mazkur nosozlik avtomobil harakatda bo‘lgan paytda motor quvvatining yo‘qolishiga olib keladi. Shu bilan birga, tormoz va rul tizimi ishlashda davom etadi. Dvigatel o‘chishidan 15 – 20 soniya avval asboblar panelida qizil ogohlantiruvchi belgi paydo bo‘ladi.
BMW kompaniyasi hozirgacha kafolat doirasida 43 ta murojaatni qayd etgan, ammo hech qanday baxtsiz hodisa yoki tan jarohati haqida xabar berilmagan.
Muammoni bartaraf etish uchun kompaniya zarar ko‘rgan barcha avtomobillarga bepul tarzda OTA (masofaviy) yangilanish yuboradi. Xohlovchilar rasmiy dilerlik markazlariga murojaat qilishlari ham mumkin. Avtomobil egalari uchun bildirishnomalar 5-avgustdan boshlab yuboriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet 62 mingdan ortiq o‘rta yuk mashinalarini chaqirib olayotgani haqida yozgandi.
Xabarga ko‘ra, tormoz bosimi datchigida ishlatilgan muhrlash membranasi uchun yetkazib beruvchi tomonidan tasdiqlanmagan kimyoviy tarkib qo‘llanilgan. Bu xatolik vaqt o‘tishi bilan membrananing yemirilishiga va natijada sizib chiqishga sabab bo‘ladi.
General Motors ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya ushbu datchik yig‘ilishini 2024-yil sentabrida yangilagan. Ortga chaqirish doirasida Chevrolet dilerlari tormoz bosimi datchigi o‘tkazgichini bepul almashtirib beradi. Mijozlarga ortga chaqirish haqida dastlabki xatlar 2025-yil 28-iyulgacha yetkaziladi.