Avto

BYD Sealion 7 O‘zbekiston bozoriga kirib kelmoqda

BYD
O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazildi
Foto: Carmagazine

Xitoyning BYD kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan Sealion 7 elektromobili O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Endi mazkur krossover respublikada rasman sotilishi va ehtimoliy ishlab chiqarilishi mumkin. Model ilgari Sealion 07 nomi bilan Xitoy bozorida namoyish etilgan bo‘lib, u 2024-yil Toshkentda o‘tgan e-Mobility Festa ko‘rgazmasida ham taqdim etilgan edi.

BYD Sealion 7 zamonaviy e-Platform 3.0 texnologiyasiga asoslangan bo‘lib, turli elektromotor konfiguratsiyalari bilan ishlab chiqariladi. Eng oddiy versiyasi 231 ot kuchiga ega bo‘lsa, kuchliroq variantlari 313 ot kuchiga yetadi.

Eng yuqori darajadagi modifikatsiya esa 530 ot kuchi ishlab chiqaradi va avtomobilni atigi 4,2 soniyada 100 km/soat tezlikka olib chiqadi. Akkumulyator hajmiga qarab, avtomobil bir zaryad bilan 550 dan 610 kilometrgacha yo‘l bosishi mumkin.

Foto: Carmagazine

Modelning tashqi o‘lchamlari zamonaviy shaharlarda qulay harakatlanishni ta’minlaydi. Mashinaning uzunligi 4,83 metrni tashkil qiladi, g‘ildiraklar bazasi esa deyarli 3 metrga yaqin. Saloni minimalistik dizaynda yaratilgan bo‘lib, barcha boshqaruvlar sensorli ekran orqali amalga oshiriladi. Foydalanuvchiga qulaylik yaratish uchun an’anaviy tugmalar bekor qilingan.

2024 BYD Sea Lion 07. Расскрыли цены, характеристики и интерьер

Hozircha BYD Sealion 7 O‘zbekistonda qachon sotuvga chiqishi va narxi haqida ma’lumot berilmagan. Biroq modelning sertifikatlangani, kompaniyaning bu yerda ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga tayyorgarlik ko‘rayotganidan dalolat beradi.

Bu esa yaqin orada mashina savdosi boshlanishi mumkinligini anglatadi. BYD brendi hozirda mamlakatda bir nechta elektromobillari, jumladan, Yuan Up, Song Plus va Seagull modellarini taklif etmoqda. Sealion 7 esa ushbu qatorni kuchliroq segmentda to‘ldiradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi YU7 SUV 60 daqiqada 300 mingga yaqin buyurtmalar olgani haqida yozgandi.