Jeff Bezos va Loren Sanchesning 50 million dollarlik to‘yi qanday o‘tmoqda

29-iyun 2025 14:13 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: Getty images

27 – 29-iyun kunlari Venetsiyada Amazon asoschisi Jeff Bezos va sobiq telejurnalist Loren Sanchesning to‘y marosimi bo‘lib o‘tmoqda. CNBC xabariga ko‘ra, to‘y tadbirlari $50 millionga tushishi kutilmoqda.

Nikoh marosimi 27-iyun kuni San-Jorjo orolida bo‘lib o‘tdi. Marosim davomida kelin 27 xil libosda namoyon bo‘lgan.

Tadbirga 200 ga yaqin mehmonlar – mashhurlar va biznes elitasining vakillari taklif qilingan. Ular orasida Ivankа Tramp va Jared Kushner, Bill Geyts, Leonardo Di Kaprio, Oprah Uinfri, Ashер, Orlando Blum hamda Kardashianlar oilasi bor. Ko‘plab mehmonlar Venetsiyaga shaxsiy samolyotlar, superyaxtalar va vertolyotlarda yetib kelishgan.

Foto: Getty images

Asosiy marosim 28-iyun kuni Venetsiyaning sharqiy qismidagi Arsenale hududida o‘tkazildi. Dastlab tadbirni shahar markazidagi tarixiy binoda o‘tkazish rejalashtirilgan edi, ammo mahalliy aholining noroziliklari va ekologik xavotirlar sababli joy o‘zgartirildi.

Foto: Getty images

Venetsiya allaqachon turizm bosimidan aziyat chekayotgan shahar sifatida tanilgan. Shuning uchun ham aholi bu to‘y marosimini «pulga sotilgan shahar» timsoli sifatida baholamoqda.

Forbes ma’lumotiga ko‘ra, $230 milliard boylikka ega Jeff Bezos to‘y munosabati bilan 2 million yevroni Venetsiya lagunasi ekotizimini o‘rganayotgan ilmiy tashkilotga xayriya qilishi rejalashtirilgan.

Foto: Getty images

Tadbirni ilgari Jorj va Amal Klunilar to‘yini ham tashkil qilgan Lanza & Baucina agentligi tashkillashtirgan. Rejalashtirilgan tadbirlar orasida «Buyuk Getsbi» uslubidagi ziyofat va ko‘pikli kechalar ham mavjud.

Foto: Getty images

Jeff Bezos va Loren Sanches o‘rtasidagi munosabatlar haqida ilk bor 2019-yilda ma’lum bo‘lgandi. Ular 2023-yil may oyida unashtirilgan edi. Bezos bu munosabatlar tufayli 25 yillik turmush o‘rtog‘i Makkenzi Skottdan ajrashgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jeff Bezosning to‘y taklifnomasi dizayni tanqidga uchragani haqida yozgandi.

Shuningdek