Rossiyada Telegram bloklanadimi – messenjerning yangi funksiyasi buni aniqladi

Telegram messenjeri yolg‘on yoki noto‘g‘ri ma’lumot tarqatilgan postlarga yangi «Fakt tekshiruvi» belgisi qo‘shishni boshladi. Bu haqda Pavel Durov o‘z kanalida ma’lum qildi.

Avvallari bunday kontent ogohlantirishsiz o‘chirilgan bo‘lsa, endi ular maxsus izohli belgi bilan ajratilmoqda.
Yangi funksiya test tarzida ishga tushirildi va birinchi navbatda Telegram’ning Rossiyada faoliyati to‘xtashi haqida hazil tariqasida yozilgan postlarga tatbiq qilindi. Shuningdek, bunday postlarni yozgan ba’zi foydalanuvchilar platforma qoidalarini buzganliklari haqida ogohlantirish oldi.

Bahsli postlar ostida «Fakt tekshiruvi» degan blok paydo bo‘ladi va unga bosilganda foydalanuvchi rasmiy Telegram kanaliga yo‘naltiriladi, u yerda tasdiqlangan ma’lumotlar beriladi.
Mutaxassislar fikricha, bu chora noto‘g‘ri ma’lumotlar virus kabi tarqalishining oldini olishga qaratilgan bo‘lib, kontentni to‘liq bloklamasdan foydalanuvchini ogohlantirishga xizmat qiladi. Shunga o‘xshash usullar YouTube va X (avvalgi Twitter) platformalarida ham mavjud.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Telegram’da tarjima qilish funksiyasi nima uchun ishlamayotgani haqida yozgandi.