
Chery kompaniyasi yangi Chery Tiggo 8 Plus Riding Wind Edition krossoverini taqdim etdi. Bu haqda ITHome xabar bermoqda. Uning rasmiy narxi 121,9 ming yuan (taxminan $17 ming) etib belgilangan.
Avtomobilning o‘lchamlari 4730 x 1860 x 1745 mm bo‘lib, g‘ildirak bazasi 2710 mm. Krossover 5 va 7 o‘rinli variantlarda taklif etiladi.
Mashina 10,25 dyuymli raqamli asboblar paneli va 15,6 dyuymli sensorli mediaekran bilan jihozlangan. Shuningdek, 4 yo‘nalishda sozlanadigan rul, 360 darajali kamera tizimi, panoramali tom va lyuk, atmosfera yoritkich va boshqa ko‘plab qulayliklar mavjud. U bulutli ko‘ngilochar tizim va smartfon integratsiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.

Kapot ostida 1,6 litrli, 197 ot kuchiga ega turbomotor o‘rnatilgan. Uning maksimal aylanish momenti 290 Nm bo‘lib, u 7 pog‘onali, ikki muftali robot uzatma qutisi bilan birga ishlaydi.
Ma’lumot o‘rnida, Chery – Xitoyning mashhur avtomobil ishlab chiqaruvchisi bo‘lib, 1997-yilda tashkil etilgan. Kompaniya eng avvalo arzon, ishonchli va texnologik yangiliklarga boy avtomobillari bilan tanilgan. Chery nafaqat ichki bozorda, balki Osiyo, Yevropa va MDH davlatlarida ham faol savdo olib boradi. Uning Tiggo va Arrizo kabi modellari ko‘plab mamlakatlarda mashhurlikka erishgan. Bugungi kunda Chery o‘zining elektromobil va gibrid texnologiyalari bilan ham raqobatbardosh ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xitoyda Chery Fulwin A9L avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.