2025-yilda O‘zbekistondagi 608 ming gektar maydonga chigirtka tarqalishi mumkin

2025-yilda chigirtka tarqalishi mumkin bo‘lgan maydon mamlakat bo‘ylab 608 ming gektardan oshishi mumkin. Bu haqda EastFruit o‘z prognozini ma’lum qildi.
O‘zbekistonda chigirtka bosqiniga qarshi monitoring va kimyoviy kurash bo‘yicha faol choralar davom etmoqda.
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirga qadar zararli hasharotlar populyatsiyasi 923,6 ming gektar maydonda o‘rganilib, shundan 552,5 ming gektarida chigirtka tarqalishi aniqlangan. Zarar ko‘rgan maydonlarning 542,9 ming gektarida kimyoviy ishlov berildi.
Asosiy ishlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Jizzax, Sirdaryo, Andijon, Navoiy va Toshkent viloyatlarida olib borilmoqda. Bu yerda mutaxassislar saksovul bukur chigirtkasi bilan zararlangan maydonlarga ishlov bermoqda.
Chigirtka va tut qurti bilan kurashish xizmati 24 soat davomida ishlaydi. Kimyoviy ishlov berish, asosan, ertalab va kechqurun amalga oshiriladi. Chunki o‘sha paytda dorilash uchun eng qulay sharoit yaratiladi. Kunduzi esa monitoring va zararli hasharotlar migratsiyasi bo‘yicha ma’lumotlar yig‘ilishi davom etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan ijtimoiy tarmoqlarda chigirtkalar to‘y marosimiga hujum qilgani aks etgan videolar tarqalgani haqida yozgandi.
Dastlab bu holatning O‘zbekistonda yuz bergani taxmin qilingan edi. Biroq rasmiy tekshiruvlar natijasida mazkur hodisa Turkmanistonning Lebop viloyatida ro‘y bergani aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, Turkmaniston O‘simliklarni himoya qilish xizmati rahbari o‘rinbosari Xo‘jageldi Gudjumov telefon orqali bergan ma’lumotga ko‘ra, chigirtkalar to‘dasi to‘y marosimi chiroqlariga yopirilgan.
Lebop viloyati O‘simliklarni himoya qilish bo‘limi rahbari Arslan Durdigilidjov bu holatni tasdiqlagan va hududda kimyoviy ishlov berilganini ma’lum qilgan.