
«Bir million dasturchi» loyihasi doirasida 325 ming nafar yoshga IT yo‘nalishida ta’lim berilgan. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan uchrashuvida qayd etildi.
So‘nggi olti oyda xalqaro fan olimpiadalarida Jizzax, Andijon, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Xorazm va Toshkent viloyatlaridan o‘quvchilar ishtirok etib, jami 166 ta medalni qo‘lga kiritgan. Bu ikki yil oldingi ko‘rsatkichga nisbatan ancha yuqori, o‘shanda faqat 7 ta hududdan 45 nafar o‘quvchi g‘olib bo‘lgan edi.
Surxondaryo viloyati yoshlari oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha bir yil ichida 11-o‘rindan 4-o‘ringa ko‘tarilgan. Bu katta yutuq sifatida qayd etilmoqda. Jizzax va Sirdaryo viloyatlari ham yaxshi natijalar ko‘rsatgan.
Shuningdek, 150 mingdan ortiq yoshlar xalqaro til sertifikatiga ega bo‘lgani qayd etilgan.
Mamlakatda 167 ming nafar uyushmagan yoshlar, tarbiyasi og‘ir va huquqbuzarlik qilgan 17 ming o‘quvchi mavjud.
«Mahallada bitta bolaning noto‘g‘ri yo‘lga kirishi ham favqulodda holat bo‘lishi kerak. Shuning uchun har bir bola haqida, uning taqdiri, kelajagi haqida, avvalo, sizlar ko‘proq qayg‘urishingiz lozim», – deya ta’kidlagan prezident.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedovni tavallud kuni bilan tabriklagani haqida yozgan edi.