
Markaziy bank va Osiyo taraqqiyot banki tomonidan 2025-yil yanvar – fevral oylarida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonliklarning qariyb 39 foizi o‘tgan bir yil ichida pul jamg‘ara olmagan. Bu haqda Markaziy bank sahifasida ma’lum qilindi.
Tadqiqot 6 ta hududda 1,2 ming nafar respondent ishtirokida o‘tkazilgan bo‘lib, unga qo‘shimcha ravishda 198 kishidan iborat fokus-guruhlar ham jalb qilingan.
Pul jamg‘ara olmaganlar orasida 60 yoshdan oshganlarning ulushi 47 foizni tashkil etgan bo‘lsa, yoshlar orasida bu ko‘rsatkich 30 foizni tashkil etdi. Erkaklar orasida pul jamg‘arolmaganlar 37 foizni, ayollar orasida esa 41 foizni tashkil etdi.
So‘rov qatnashchilarining 30 foizi o‘tgan yili qarz olganini bildirgan, ammo ularning faqat 12 foizi rasmiy moliyaviy manbalardan foydalangan. Ish bilan band bo‘lganlarning 26 foizi, ishsizlarning esa 7 foizi qarz olgan.
Pul o‘tkazmalari borasida esa respondentlarning 39 foizi ularni har oy, 12 foizi har ikki oyda bir, 15 foizi yiliga to‘rt martadan kam va 34 foizi esa faqat alohida holatlarda olishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank 2024-yilda 52 ta moliya tashkilotiga 16,6 milliard so‘m jarima solgan edi.