
O‘zbekistonning yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi UzAuto Motors 2025-yilning birinchi choragini ikki baravardan ko‘proq kamayishga, ya’ni 637 milliard so‘m bilan yakunladi. Kompaniya o‘z moliyaviy hisobotini ILMA’ning korporativ axborot yagona portalida e’lon qildi.
Kompaniyaning bu davrdagi sof foydasi 2024-yilga nisbatan (o‘tgan yilning birinchi choragidagi sof foydasi 1,29 trillion so‘m bo‘lgan) deyarli ikki baravardan ko‘proqqa qisqarib, 637 milliard so‘mgacha tushdi.
Moliyaviy hisobotlarga ko‘ra, kompaniya tushumi 9,7 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17 foizga kamaydi. Tannarx ham 12,5 foizga pasaygan. Bu esa rentabellik darajasining 20,4 foizdan 16 foizgacha tushishiga olib keldi. Xarajatlar esa deyarli o‘zgarmagan, ya’ni 1 trillion so‘m atrofida saqlanib qolgan.
Daromadning pasayishi avtomobillarning kam miqdorda sotilgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Yanvar – may oylarida UzAuto Motors o‘tgan yilga qaraganda 68 mingta kam avtomobil sotgan. Natijada Chevrolet avtomobillarining bozor ulushi 89 foizdan 56 foizgacha tushdi.
UzAuto Motors birinchi chorakda nimalarni amalga oshirdi
7-yanvar kuni soat 10:00 da UzAuto Motors Chevrolet Cobalt GX-Style AT Plus va GX-Midnight AT modellari uchun onlayn kontraktatsiya jarayoni bo‘lib o‘tdi.
Jami 50 017 ta shartnoma tuzilgan. Shundan 49 858 tasi One ID tizimida ro‘yxatdan o‘tgan jismoniy shaxslarga, 159 tasi esa yuridik shaxslar ulushiga to‘g‘ri keladi.
2025-yilning yanvar – fevral oylarida O‘zbekistonda 19,4 mingta Cobalt avtomobili ishlab chiqarilgan. Bu 2024-yilning shu davriga nisbatan 21,1 foizga ko‘p.
Iyun oyida Yanosh Kovach UzAuto Motors bosh direktori etib tayinlandi.
Shuningdek, «O‘zavtosanoat» may oyigacha bo‘lgan davrda sotilgan avtomobillarni taqdim etdi. Taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, Cobalt aprel oyigacha 42 504 dona sotilgan. Yanvar – may oyidagi ko‘rsatkich 54 545 donaga yetdi. Demak, mayning o‘zida 12 mingdan ko‘proq avtomobillar sotilgan.
Kompaniya Asakadagi zavodning konveyeridan besh millioninchi avtomobili, ya’ni Onix modelini chiqardi.