BYD Seal 06 EV qanday imkoniyatlar bilan taqdim etiladi

30-iyun 2025 08:51 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
BYD
BYD Seal 06 EV qanday imkoniyatlar bilan taqdim etiladi / Foto: Electrek

Xitoyda BYD kompaniyasining yangi arzon elektromobili — BYD Seal 06 EV elektromobilining savdosi ochildi. Uning narxi 109 800 yuandan ($15 ming) boshlanadi.

Seal 06 EV — bu 2024-yilda taqdim etilgan Seal 06 DM-i modelining to‘liq elektr versiyasi. U zamonaviy e-Platform 3.0 Evo platformasida yaratilgan. Tashqi ko‘rinishida radiator panjarasi yo‘q, faralari tor, orqa chiroqlari esa yorug‘lik chizig‘i bilan bog‘langan. Uzunligi 4720 mm, eni 1880 mm, balandligi 1495 mm. Gibrid versiyaga nisbatan bu elektromobil uzunroq va kengroq.

Foto: ZE

Salon ichida 15,6 dyuymli sensorli ekran, raqamli panel, uch spikali rul va simsiz zaryadlash mavjud. Avtoparkovka, avtomagistralda harakatlanish uchun avtopilot, to‘qnashuvni oldini oluvchi tormoz tizimi kabi zamonaviy xavfsizlik funksiyalari mavjud. Yo‘lovchilar uchun 9 ta xavfsizlik yostiqchasi o‘rnatilgan.

Bazaviy modelda 110 kVt (148 ot kuchi) quvvatga ega orqa g‘ildirakni aylantiruvchi elektromotor va 46,08 kVt-soat sig‘imli batareya mavjud. U bir zaryad bilan 470 km masofa yuradi. Qimmatroq versiyada 160 kVt (215 ot kuchi) motor va 56,6 kVt-soat batareya mavjud bo‘lib, yurish masofasi 545 km gacha yetadi. Maksimal tezligi 160 km/soat. 30 foizdan 80 foizgacha quvvat olish uchun atigi 24 daqiqa kifoya qiladi.

Foto: ZE

Ma’limot o‘rnida, BYD — Xitoyning yetakchi avtomobil va elektronika kompaniyasi bo‘lib, 1995-yilda tashkil etilgan. U elektromobillar, gibrid mashinalar va batareyalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniya «Build Your Dreams» (Orzularingni Yarat) shiorini olg‘a suradi. Bugungi kunda BYD butun dunyo bo‘ylab mashhur bo‘lib, Tesla’dan keyin eng ko‘p elektromobil sotuvchi brend hisoblanadi. U o‘zining texnologik yangiliklari, ekologik tozaligi va arzon narxlari bilan ajralib turadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xitoyning BYD kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan Sealion 7 elektromobili O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek