EY’ning O‘zbekistondagi rahbari: mamlakat qanday qilib xalqaro investorlarni qiziqtirmoqda

eʼlon qilindi
O‘zbekiston global investitsiya xaritasidagi o‘rnini mustahkamlamoqda – EY View
Foto: EY

$30,5 milliard – ushbu qiymatdagi kelishuvlar Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TIIF-2025) doirasida imzolandi.

Ushbu forum doirasida Kursiv Uzbekistan nashri 2025-yil 1-iyuldan boshlab Ernst & Young (EY) kompaniyasining O‘zbekistondagi ofisiga rasmiy ravishda rahbarlik qiladigan Ruslan Xoroshvili bilan suhbatlashdi. Muloqot chog‘ida mamlakatdagi investitsiya muhiti qanday o‘zgarayotgani, qaysi tarmoqlar investorlar e’tiborini tortayotgani va xalqaro kompaniyalar loyihalarni boshlashda qanday muammolarga duch kelayotgani haqida so‘z yuritildi.

O‘zbekistondagi investitsion iqlim

Siz O‘zbekistondagi hozirgi investitsion iqlimni qanday baholaysiz?

— Bugungi kunda O‘zbekiston global investitsion xaritada o‘z pozitsiyalarini mustahkamlab bormoqda. Mamlakat xorijiy kapital uchun yanada ochiq bo‘lib bormoqda, bu esa olib borilayotgan islohotlar – valyuta cheklovlarining bekor qilinishi, iqtisodiyotning liberallashuvi va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarining joriy etilishi evaziga ro‘y bermoqda.

Investitsiyalarni jalb qilish uchun maxsus agentliklar tashkil etilib, hukumat yanada muvofiqlashtirilgan tarzda harakat qilyapti. Natijada har yili to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarda barqaror ikki raqamli o‘sish qayd etilmoqda.

Investorlar uchun asosiy muammolar

Chet ellik investorlar ayni paytda qanday asosiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda va EY ularni bartaraf etishda qanday ko‘mak bermoqda?

— Investorlar uchun eng asosiy to‘siqlardan biri – O‘zbekiston haqida yetarlicha ma’lumotning yo‘qligidir. Ko‘plab xorijiy investorlar bu mamlakatni hali yaxshi bilishmaydi. Bu esa O‘zbekistonning global investitsiya oqimidagi ulushi hanuz kichikligidan dalolat beradi.

Shuningdek, mamlakat iqtisodiyoti hali rivojlangan davlatlarga xos bo‘lgan darajadagi to‘liq liberallashuv bosqichiga yetmagan. Biroq geografik joylashuvi, yosh aholisi va boy resurs bazasi tufayli O‘zbekistonga qiziqish ortib bormoqda.

Bunday sharoitda EY o‘zini yo‘lboshchi sifatida ko‘rsatmoqda. Investorlarga mamlakatning o‘ziga xos tomonlarini tushunishga, davlat idoralari bilan samarali muloqot qilishga va mahalliy hamkorlarni topishga yordam bermoqda.

EY’ning O‘zbekistondagi asosiy loyihalari

— EY hozirda O‘zbekistonda qanday asosiy loyihalarda ishtirok etmoqda?

— EY xorijiy investorlar kengashi doirasida hukumat bilan faol hamkorlik qilmoqda. Biz xalqaro eng yaxshi tajribalarga asoslangan holda qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha aniq tashabbuslarni ilgari surmoqdamiz.

Masalan, so‘nggi kengash yig‘ilishida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va hukumat a’zolari biznes vakillarining, jumladan, bizning jamoamizning takliflarini diqqat bilan tinglab, ularni rasmiy harakatlar rejasiga kiritdi.

Shuningdek, biz davlat kompaniyalarini IPO jarayoniga tayyorlash, audit ishlari va korporativ boshqaruv tizimini isloh qilishda qo‘llab-quvvatlaymiz. EY, shu bilan birga, bozorga endigina kirib kelayotgan xalqaro kompaniyalarni ham qo‘llab-quvvatlab, ular uchun ishonchli va tushunarli infratuzilmani yaratadi.

Loyihalar nega har doim ham amalga oshmaydi

Bitimlar imzolangandan keyin ularni hayotga tatbiq etishda muammolar yuzaga kelmayaptimi?

— Albatta, bunday qiyinchiliklar bo‘lib turadi. Forumlarda imzolangan kelishuvlar, asosan, investorlarning qiziqishini bildiruvchi ko‘rsatkich bo‘lib xizmat qiladi, lekin ular hali yakuniy bitimlar emas. Yirik investitsiya loyihalarini tayyorlash esa ancha vaqt va jiddiy ish talab qiladi.

Forum doirasida e’lon qilingan kelishuvlar va rejalarning barchasi har xil tayyorgarlik bosqichida bo‘ladi. Ularning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi, ko‘pincha, aynan forumdan keyin olib boriladigan izchil va professional ishga bog‘liq bo‘ladi. Aslida, bu biznes yuritishning o‘ziga xos mohiyati — har bir e’lon qilingan reja real investitsiyaga aylanmaydi, har bir investitsiya esa har doim ham muvaffaqiyatli bo‘lmaydi.

Investitsiyalar o‘sishiga nima turtki bermoqda

— Sizningcha, investitsiyalar hajmining oshishiga eng ko‘p qaysi islohotlar sabab bo‘lmoqda?

— Energetika eng muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri sanaladi. U bo‘lmagan holatda na raqamlashtirish, na sun’iy intellektni rivojlantirish mumkin emas. Bundan tashqari, davlat IT sohasini ham qo‘llab-quvvatlamoqda — bu yo‘nalishning o‘sishi uchun soliq va huquqiy sharoitlar yaratilmoqda.

EY ushbu sohada IT Park bilan birga normativ-huquqiy bazani ishlab chiqishda ishtirok etmoqda. Biz Yaqin Sharq va Yevropa davlatlarining ilg‘or tajribalarini moslashtiryapmiz. Yosh va jadal o‘sib borayotgan aholi sharoitida aqliy mehnatga e’tibor qaratish mutlaqo to‘g‘ri yondashuv hisoblanadi.

Energetika va IT — yaqin kelajakda asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘lib qoladi.

O‘zbekistonning mintaqadagi o‘rni

— Sizningcha, O‘zbekiston mintaqada qanday o‘rin tutadi? Jumladan, Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumi doirasida?

— Juda muhim o‘rin tutadi. Yagona davlat miqyosida yirik global sarmoyalarni jalb qilish qiyin, biroq Markaziy Osiyo integratsiyasi yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Forumda iqtisodiy ochiqlik zarurati, transchegaraviy loyihalarni ishga tushirish muhimligi alohida ta’kidlandi. Bunday tashabbuslar butun mintaqaning investitsiyaviy jozibadorligini sezilarli darajada oshiradi.

Yevropalik investorlarga tavsiyalar

— O‘zbekistonni investitsiya maydoni sifatida ko‘rib chiqayotgan Yevropa kompaniyalariga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?

— Dadilroq bo‘lish kerak. Yevropa kompaniyalari bu yerda talab yuqori bo‘lgan bilim va texnologiyalarga ega, O‘zbekiston esa ularga o‘sish imkoniyatini taklif qilmoqda — bu ayni paytda Yevropada yetishmayotgan narsa.

Mahalliy hamkor topish muhim – bu xoh xususiy kompaniya bo‘lsin, xoh EY kabi konsalting tashkiloti. Birgalikda ko‘plab muvaffaqiyatli loyihalarni amalga oshirish mumkin.

Toshkent investitsiya forumi biznes muhitiga qanday ta’sir qiladi

— Sizningcha, Toshkent xalqaro investitsiya forumini, haqiqatan ham, muvaffaqiyatli qiladigan omil nima?

— Bunday forumlar mamlakatda amalga oshirilgan ishlarning oynasi va davlat harakatlanayotgan yo‘nalishlarning ko‘rsatkichidir. Ular taraqqiyot darajasini aks ettiradi va qaysi sohalar davlat va biznesni qiziqtirayotganini tushunishga yordam beradi.

Forumdan vazirliklar ishini yoki shartnomalar tuzilishini to‘liq o‘rnini bosishini kutib bo‘lmaydi. Uning vazifasi – ishtirokchilarga umumiy tasavvur berish va kelgusi qadamlarni belgilashda ko‘maklashishdir. Shu ma’noda, joriy forum o‘z vazifasini bajardi.

Kam baholangan iqtisodiy sohalar

O‘zbekistonda hali imkoniyati to‘liq ochilmagan tarmoqlar bormi?

— Bu aynan ochiq iqtisodiyotning afzalligi – nima muvaffaqiyat qozonishini hech kim oldindan aniq ayta olmaydi. Davlatning roli – teng sharoitlar yaratish, qolganini esa biznesning o‘zi topadi.

Biz markazlashgan rejalashtirishga ishonmaymiz. Samaradorlik faqat erkinlik va raqobat muhitida yuzaga keladi.

EY Uzbekistan’da yangi rahbar

— EY Uzbekistan’dagi yangi tayinlovingiz haqida nimalarni ayta olasiz?

— Men 1-iyuldan boshlab EY O‘zbekistondagi boshqaruvchi hamkori sifatida rasmiy faoliyatimni boshlayman. Bungacha o‘n yil davomida Gruziya ofisiga rahbarlik qilganman. Biz O‘zbekiston bozoriga jiddiy yondashamiz: jamoaga investitsiya kirityapmiz, ofisimizni kengaytiryapmiz va faol tarzda yangi hamkorlarni jalb qilyapmiz.

EY O‘zbekistonda qariyb 30 yildan buyon faoliyat yuritmoqda va biz ushbu sana munosabati bilan maxsus tadbirlarni rejalashtiryapmiz. Biz ko‘pincha zarur bo‘lganidan ko‘proq odamni jamoaga qabul qilamiz, chunki inson kapitalini rivojlantirishni mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shilgan hissamiz deb hisoblaymiz.

Bizning sobiq xodimlarimiz o‘z sohalarida talabgir ekspertlar va yetakchilarga aylanmoqda. Shu sababli biz odamlarni yo‘qotmaymiz, ular mamlakat iqtisodiyoti rivojiga sarmoyador sifatida hissa qo‘shmoqda.

Shuningdek