
Huawei kompaniyasi tomonidan Xitoyda yangi Huawei Pura 80 Ultra smartfoni savdoga chiqarildi. Bu haqda Mobile-Review xabar bermoqda.
Qurilma 16 GB tezkor xotira bilan, 512 GB yoki 1 TB ichki xotirali ikki xil versiyada taqdim etilgan.
Smartfon 5700 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan bo‘lib, 100 Vt tezkor zaryadlashni va 80 Vt quvvatdagi simsiz zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi.

Uning 6,8 dyuymli OLED ekrani 120 Gs yangilanish tezligi va 3000 nit yorqinlikka ega. Qurilma Kirin 9020 protsessori asosida ishlaydi.
Huawei Pura 80 Ultra ilg‘or kamera tizimi bilan ajralib turadi. Unda 50 MP, 50 MP va 40 MP dan iborat uchta kamera sensori mavjud. Asosiy sensor 1 dyuymli bo‘lib, optik stabilizatsiya bilan jihozlangan.
Shuningdek, 1,5 MP spektral datchik yordamida aniq rang yetkazib berish ta’minlanadi. Old kamera esa 13 MP bo‘lib, IP69 standartidagi chang va suvdan himoya bilan himoyalangan.
512 GB xotirali versiya 9999 yuan (taxminan $1390), 1 TB xotirali modeli esa 10 999 yuan ($1530) narxda sotuvga chiqarildi. Smartfon hozircha faqat Xitoy bozorida mavjud, xalqaro savdo haqida ma’lumot berilmagan.

Huawei – Xitoyning yetakchi texnologik kompaniyalaridan biri bo‘lib, 1987-yilda tashkil etilgan. Kompaniya mobil telefonlar, sun’iy intellekt, 5G tarmoqlari va telekommunikatsiya uskunalari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan. Huawei smartfonlari, ayniqsa, kamerali flagman modellari bilan dunyo bo‘ylab mashhur. Kompaniya o‘z innovatsiyalari, kuchli texnik salohiyati va global bozordagi ta’siri bilan ajralib turadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Huawei Pura 80 seriyasi jahon bozoriga chiqish sanasi ma’lum bo‘lgani haqida yozgan edi.