
Shu yilning o‘zida «AI study» platformasi orqali kamida 100 ming yosh sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘rganadi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekistonda sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha bank-moliya, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va energetika ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanib, 100 ta loyiha amalga oshiriladi.
Shavkat Mirziyoyev o‘zbek qadriyatlari va madaniyatini o‘zida ifoda etadigan sun’iy intellektning milliy modeli ishlab chiqilishi boshlanganini e’lon qildi. Bu loyiha tarix va zamonaviy yondashuvlarni uyg‘unlashtirib, yoshlarning yangi kreaktiv g‘oyalarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Tizim samarali bo‘lishi uchun BAA bilan hamkorlikda «Bir million sun’iy intellekt yetakchilari» dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Shu yilning o‘zida «AI study» platformasi orqali kamida 100 ming yosh sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘rganadi.
Bundan tashqari, Startaplarni qo‘llab-quvvatlash tizimi ham yo‘lga qo‘yildi. Ularni moliyalashtirish uchun $145 million dollar venchur sarmoya kiritildi. Prezident bu ko‘rsatkich bir milliard dollarga yetkazilishini ta’kidladi.
Endi bu ishlar maktabdan boshlanadi. O‘quvchilar uchun «Mohirlik va biznes soati» joriy qilinib, ularning g‘oyalarini startapga aylantirishga 100 milliard so‘m grant ajratiladi.
Shuningdek, Oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida har yili «Eng yaxshi kreaktiv g‘oya» tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblarga oliygoh jamg‘armasidan 300 million so‘mgacha grant beriladi.
Startapni prototipga aylantirish va sinovdan o‘tkazish uchun Innovatsiya agentligi va IT-Park «RnD» markazini ochadi. Eng yaxshi loyihalar uchun prototip yaratish xarajatining $50 minggacha qismi Yoshlar venchur jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.
Shu bilan birga, har yili investorlardan tortib yirik korxonalar va startap tashabbuskorlari ishtirokida «Startap-ekspo» ko‘rgazmasi o‘tkazib boriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Top – 300 talik oliygohga kirgan yoshlarga 20 ming dollargacha imtiyozli ta’lim krediti berilishi haqida yozgandi.