O‘zbekistonda ko‘chmas mulk xaridini naqdsiz shaklga o‘tkazish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda ko‘chmas mulk oldi-sotdisini bosqichma-bosqich naqdsiz shaklga o‘tkazishni ko‘zda tutuvchi prezident qarori loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining sakkizinchi yalpi majlisida Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev ma’lum qildi.
«Bugungi kunda ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlarining ko‘pi naqd pulda yoki turli to‘lov servislari orqali amalga oshiriladi, bu esa nazoratni qiyinlashtiradi va norasmiy hisobotga olib keladi. Yangi tartib esa barcha operatsiyalarni qonun doirasida banklar orqali amalga oshirishni nazarda tutadi», – dedi Mirzayev.
Loyihada asosiy e’tibor naqdsiz hisob-kitoblarni rag‘batlantirish va ish haqi to‘lovlarini legallashtirishga qaratilgan.
Qaror loyihasi tegishli tashkilotlar bilan kelishilgan va Prezident Administratsiyasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi norasmiy iqtisodiyot ko‘lamini kamaytirish bo‘yicha birinchi tizimli qadam bo‘lishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda uy-joy investitsiyasidan olinadigan daromad darajasi pasaygani haqida yozgan edi.