
Xiaomi Poco X7 Pro smartfoni Rossiyada arzon narxga tushdi. Endilikda uni atigi 22 ming rublga ($280) topish mumkin. Bu haqda «Palach» nashri xabar bermoqda. Bu model 25 ming rublgacha ($318) bo‘lgan smartfonlar orasida eng yaxshilaridan biri deb hisoblanmoqda. Bu modelni (12 GB/512 GB) O‘zbekistonda 5,4 mln ($426) so‘mga xarid qilish mumkin.
Xiaomi Poco X7 Pro smartfoni shu yil boshida taqdim etilgan bo‘lib, u xaridorlar orasida katta qiziqish uyg‘otgan edi. Modelning narxidagi pasayish hozircha faqat Rossiyada qayd etilgan.
Modelning asosiy afzalliklaridan biri – IP69 darajasidagi suv va changdan himoya. Bundan tashqari, smartfonda 6000 mA/soat sig‘imli katta akkumulyator bor, u 90 Vt tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Uning displeyi maksimal 3200 nit yorqinlikka ega bo‘lib, old kamera 20 MPni tashkil etadi. Asosiy kamera esa 50 MP, f/1.5 diafragmaga ega.

Protsessor ham yangilangan – endi u 4 nanometrli MediaTek Dimensity 8400 Ultra bilan jihozlangan.
Shunday kuchli xususiyatlarga ega bo‘lgan Poco X7 Pro ayni damda bozorda eng maqbul tanlovlardan biridir. Shu narxda boshqa kompaniyalarning modellari ancha zaif, masalan, Samsung Galaxy A26 faqat 5000 mA/soat batareyaga ega. Shuning uchun Poco X7 Pro‘ni ayni paytda xarid qilish ayni muddao.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi yangi Poco F7 smartfonini taqdim etgani haqida yozgan edi.