Qimmatbaho metallar bilan bog‘liq huquqbuzarlik haqida xabar berganlar mukofotlanadi

«Soliq» mobil ilovasi orqali qimmatbaho metallar va toshlar bilan bog‘liq huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslar mukofotlanadi. Bu haqda prezidentning zargarlik sohasiga doir qarorida belgilandi.
Qarorga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan boshlab ayrim soliq imtiyozlari bekor qilinadi.
Xususan, qimmatbaho metallar va toshlardan tayyorlangan zargarlik buyumlari va yarim tayyor mahsulotlar aylanmasini qo‘shilgan qiymat solig‘idan (QQS) ozod qilishga oid imtiyoz, shuningdek, oltindan yasalgan zargarlik buyumlarini chakana savdoda sotganlik uchun yig‘im bekor qilinadi.
Shu bilan birga, 2028-yil 1-yanvargacha zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish yoki sotish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga har oyda ularning QQSning 80 foizi avtomatik tarzda respublika budjetidan qaytariladi.
2025-yil 1-sentabrdan boshlab esa bir qator yangiliklar kuchga kiradi:
- Yakka tartibdagi tadbirkorlarga zargarlik buyumlarini sotish faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi;
- Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi tomonidan zargarlik buyumlarini tekshirish va tamg‘alash bo‘yicha sayyor xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi;
- «Soliq» mobil ilovasi orqali qimmatbaho metallar va toshlar bilan bog‘liq huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarga ularning asosida undirilgan jarima summasining 50 foizi miqdorida mukofot to‘lanadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda zargarlik sohasini rivojlantirish bo‘yicha yangi markazlar ochilishi haqida yozgandi.