Yangiliklar

Qozog‘istonda jamoat joylarida yuzni yashiradigan kiyimlar taqiqlandi

Yangi tartib barcha fuqarolarga taalluqli bo‘lib, qonunda ko‘rsatilgan ayrim istisnolar bundan mustasno
Foto: the local denmark

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev jamoat joylarida yuzni tanib olishni qiyinlashtiradigan kiyim-kechaklarni kiyishni taqiqlovchi qonunni imzoladi. Bu haqda Kursiv Media ma’lum qildi.

Yangi tartib barcha fuqarolarga taalluqli bo‘lib, qonunda ko‘rsatilgan ayrim istisnolar bundan mustasno.

Qonunga ko‘ra, bunday kiyimlarni faqat qonuniy xizmat majburiyatlari, tibbiy sabablarga ko‘ra, noqulay ob-havo sharoitlaridan himoyalanish, fuqarolik mudofaasi, sport yoki madaniy-ommaviy tadbirlarda ishtirok etish uchun kiyishga ruxsat etiladi.

«Jamoat joylarida shaxsni tanib olishga to‘sqinlik qiladigan kiyim-kechaklarni kiyish taqiqlanadi», – deyiladi «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan tuzatmalarda.

Mazkur o‘zgartirishlar Qozog‘iston qonunchiligini huquqni muhofaza qilish tizimi va xavfsizlik organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan keng qamrovli qonun doirasida amalga oshirildi. Qonun bilan, shuningdek, ichki ishlar xodimlari va harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoyalash, ortiqcha huquqiy normalarni bekor qilish ham nazarda tutilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toqayev Mirziyoyevni O‘zbekistonning Jahon chempionatiga chiqqani bilan tabriklagani haqida xabar bergan edi.