«Soyuzmultfilm» kompaniyasi «Chebubu» brendini ro‘yxatdan o‘tkazmoqchi

«Soyuzmultfilm» kinostudiyasi «Chebubu» savdo belgisini ro‘yxatdan o‘tkazmoqchi. Bu haqda «RIA Novosti» Rospatent bazasiga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ariza 27-iyun kuni topshirilgan. Unda kompaniya bu nom ostida bolalar kosmetikasi, o‘yinchoqlar, kanselyariya buyumlari va musiqiy asboblar kabi mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotishni rejalashtirayotgani ko‘rsatilgan. Umumiy hisobda brend 45 xil mahsulot toifasini qamrab oladi.
Mutaxassislarning fikricha, katta mediastudiyalar uchun bir vaqtning o‘zida keng toifadagi mahsulotlar bo‘yicha savdo belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish odatiy strategiyadir. Bu qadam brend nomini oldindan himoya qilishga va kelajakda uni turli yo‘nalishlarda – multfilmlardan tortib to merch va raqamli mahsulotlargacha – rivojlantirish imkonini beradi.
Ayrim mutaxassislar «Chebubu» nomi mashhur qahramon Labubu obrazidan ilhomlangan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Labubu – keng tabassumli quvnoq elf bo‘lib, uni Gonkonglik dizayner yaratgan. Bu qahramon aks ettirilgan o‘yinchoqlar ayni paytda Pop Mart do‘konlarida faol sotilmoqda va Osiyoda hamda boshqa hududlarda juda ommalashgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qozog‘istonlik tadbirkor O‘zbekistonga Burger King’ni olib kirishi haqida yozgan edik.