Yangiliklar

Top – 300 talik oliygohga kirgan yoshlarga 20 ming dollargacha imtiyozli ta’lim krediti beriladi

STEM yo‘nalishlari uchun kvotalar bir necha baravar oshiriladi
35 milliard dollarlik 8,3 mingta loyiha ishga tushiriladi. Foto: Prezident matbuot xizmati

Endilikda banklar Top – 300 talik oliygohga kirgan yoshlarga $20 minggacha imtiyozli ta’lim krediti beradi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bu yil umumiy qiymati $35 mlrd bo‘lgan 8 300 ta loyiha ishga tushirilib, 292 mingta ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, yana 500 ming ish o‘rni yaratadigan, qiymati $83 mlrd bo‘lgan yangi loyihalar ham rejalashtirilgan. Masalan, energetika sohasida $20 mlrd, neft-gaz va kimyo sohasida $11 mlrd, tog‘-kon sanoatida $7 mlrd, elektrotexnika va avtomobilsozlikda $4,5 mlrd qiymatidagi minglab korxonalar ish boshlaydi.

«Yangi texnologiyalar asrida kim yutadi? Faqat kreaktiv fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasblarni egallagan mutaxassislar. Shijoatingizdan ko‘rib turibman, albatta siz, yoshlar bu korxonalarni boshqarib, katta-katta kashfiyotlar qilasizlar, ularga innovatsiyalarni olib kirasizlar! Shu bois, hozirdanoq bunday loyihalarga kadrlar tayyorlashni boshlaymiz», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, bundan buyon Top – 300 talik oliy o‘quv yurtlariga kirganlar uchun o‘qish va yashash xarajatlarini qoplash tizimi yangi tartibda ishlay boshlaydi.

Eng avvalo, STEM yo‘nalishlari (ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika), energetika, transport, urbanizatsiya, arxitektura, qurilish, qishloq va suv xo‘jaligi kabi sohalar uchun kvotalar bir necha baravar oshiriladi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston yoshlari Top – 500 oliygohlarga kirish bo‘yicha Markaziy Osiyoda 1-o‘ringa chiqqani haqida yozgandi.