
Kaliforniya universiteti olimlari 517 ta ekzosayyorani tahlil qilib, ularning hayot uchun yaroqliligini baholadi. Bu haqda Universe Today nashri ma’lum qildi.
An’anaviy «hayot zonasi» tushunchasidan farqli o‘laroq, tadqiqotchilar sakkizta fizik parametrga asoslangan yangi yondashuvni taklif qilishdi. Natijada sayyoralar to‘rt toifaga ajratildi: faqat uchta obyekt – Yer, Kepler-22b va Kepler-538b «zo‘r nomzod» deb topildi.
Kepler-22b, Yerdan 635 yorug‘lik yili uzoqda joylashgan bo‘lib, harorati va nurlanish darajasi jihatidan Yerga juda yaqin. Olimlar uni «Jeyms Uebb» teleskopi orqali chuqur o‘rganish kerakligini ta’kidlashmoqda. Tadqiqot Yer noyob sayyora bo‘lsa-da, butunlay o‘zgacha emasligini ko‘rsatdi. Hayot uchun qulay bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa sayyoralar ham kuzatuvda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NASA Yer tortishish kuchini aniqlovchi kvant qurilma yaratgani haqida yozgan edi.