
Zargarlik sohasini davlat tomonidan yanada rag‘batlantirish va rasmiy sektorga jalb qilish maqsadida sohaga oid prezident qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, qimmatbaho metallarni qayta ishlash hajmini yiliga yetti tonnaga, zargarlik buyumlari eksportini esa $300 millionga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, ushbu sohadagi norasmiy aylanish hajmini kamida 50 foizga qisqartirish rejalashtirilmoqda.
Qarorga ko‘ra, zargarlik markazlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uchun qator imtiyozlar joriy qilinadi. Xususan, qimmatbaho metallarni kechiktirib to‘lash sharti bilan xarid qilganda, 90 kun ichida to‘lov amalga oshirilsa, foiz hisoblanmaydi. 91-kundan 180-kungacha bo‘lgan muddatda to‘langan summa uchun esa yillik 3 foiz miqdorida foiz hisoblanadi.
Zargarlik markazlarida «O‘zbekzargarsanoati» uyushmasi va Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasining hududiy bo‘linmalari faoliyati tashkil etiladi. Shuningdek, ushbu markazlarda faoliyat yurituvchi tadbirkorlar uyushmaga a’zo bo‘lishda 50 foizlik chegirma asosida a’zolik badalini to‘laydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan zargarlik sohasi uchun yangi soliq imtiyozlari joriy etilgani haqida yozgandi.