8 ming dollarlik yangilangan 2026 MG5 avtomobili bozorga taqdim etildi

1-iyul 2025 09:40 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
MG
Yangilangan 2026 MG5 bozorga taqdim etildi / Foto: MG

30-iyun kuni yangilangan MG5 avtomobili rasmiy ravishda Xitoy bozoriga chiqdi. Model to‘rtta komplektatsiyada taklif etilmoqda. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda. Narxlar 59 900 yuandan boshlanadi (taxminan $8,3 ming).

Yangi MG5 avvalgi dizaynni saqlab qolgan. Korpus fastbek shaklida, to‘q sariq va kulrang ranglar qo‘shilgan. Old qismida yirik panjarali radiator va ingichka faralar bor. Orqa qismida sport uslubidagi «ducktail» va ikki tomonlama chiqarish trubalari mavjud.

Foto: MG

O‘lchamlari o‘zgarmagan. Uzunligi – 4715 mm, kengligi – 1842 mm, balandligi – 1473 mm, g‘ildirak bazasi – 2680 mmni tashkil etadi. Korpusning burilish qattiqligi 25 866 Nm/gradus. 65 foizi yuqori mustahkam po‘latdan tayyorlangan. Salonda olti xavfsizlik yostig‘i mavjud.

Foto: MG

Avtomobil 1.5L va 1.5T benzin dvigatellari bilan taqdim etilgan:

  • 1.5L – 127 ot kuchi, 8 bosqichli CVT, yoqilg‘i sarfi 6.38 l/100 km, maksimal tezlik 180 km/soat.
  • 1.5T – 178 ot kuchi, 7 bosqichli DCT, yoqilg‘i sarfi 6.45 l/100 km, 0-100 km/soat tezlanish 6.9 soniya, maksimal tezlik 200 km/soat.

Yoqilg‘i baki hajmi – 50 litr.

MG5 avtomobili qanday narxda sotiladi / Foto: MG

Salon ichki qismi ko‘p o‘zgarmagan, lekin yangi to‘q sariq va qora rangli variant qo‘shilgan. Trimga qarab 12.3 yoki 10.25 dyuymli markaziy sensor ekran o‘rnatilgan. Rul uch tirgakli va pastki qismi tekis qilib yaratilgan.

Yuqori toifadagi modelda 8 ta sifatli dinamik, musiqa ritmiga moslasha oladigan 256 rangli atmosfera yoritgichi, AI ovozli yordamchi, OTA yangilanishlar va 2-darajali haydovchiga yordam tizimi mavjud.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Yangi MG 4 Electric modeli Yevropa bozoriga yo‘l olgani haqida yozgan edi.

Shuningdek