9-sinf bitiruvchilari uchun texnikumlarga hujjat topshirish boshlandi

Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining joriy yilgi 9-sinf bitiruvchilari uchun texnikumlarga o‘qishga hujjat topshirish jarayoni boshlandi.
Abituriyentlar 1-iyuldan 20-iyulga qadar hujjatlarni my.edu.uz elektron platformasi orqali yuborishi mumkin. Platformada kunduzgi va dual ta’lim shakli bo‘yicha jami 515 ta texnikum mavjud.

Platformada ro‘yxatdan o‘tish uchun tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma yoki ID karta ma’lumotlari va 3×4 hajmdagi fotosurat talab etiladi.
Ma’lumot uchun, joriy yilda 139 245 nafar 9-sinf bitiruvchisi davlat granti asosida texnikumlarga qabul qilinadi. Ulardan aksariyati kunduzgi, bir qismi esa dual ta’lim shaklida tahsil oladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan texnikum va politexnikumda ishlaydigan chet tili o‘qituvchilariga 50 million so‘m miqdorida bir martalik subsidiya berilishi haqida yozgandi.