Energetika sohasi investorlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda – Mansurjon Rasulev

Bugun, 1-iyul kuni Toshkentda «O‘zbekistonda kapital bozori: investitsiya uchun yangi imkoniyatlar» mavzuida sohaviy konferensiya davom etmoqda.
Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori Mansurjon Rasulev Kursiv Uzbekistan’ga bergan intervyusida bugungi kunda energetika sohasining o‘rni va ahamiyati haqida gapirib o‘tdi.
«Bugungi kundagi tendensiyalar asosida energetika sohasi haligacha jozibadorligini saqlab qolmoqda. Bunga sabab investorlarga yaratib berilgan imkoniyatlardir. Yevropa Ittifoqi, Yaqin Sharq va boshqa davlatlardan bevosita davlat-xususiy sherikligi asosida energetika sohasida loyihalarni amalga oshirishga katta qiziqish bildirmoqda.
Hozirda mavjud investitsion muhitimiz nafaqat qayta tiklanuvchi energiya, balki boshqa sohalar jozibadorligini oshirishga, qayta ishlash, qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish, ya’ni ishlab chiqarish sohasiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.
Reyting qiladigan bo‘lsak, birinchi o‘rinda energetika, ikkinchi o‘rinda yengil va og‘ir sanoat turibdi», – dedi Mansurjon Rasulev.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Kapital bozori: investitsiya uchun yangi imkoniyatlar» sohaviy konferensiya start olgani haqida yozgandi.