Ichki aviareyslarga elektron hujjat bilan ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratildi

Bugun, 1-iyuldan boshlab O‘zbekistonda ichki aviaparvozlarga ro‘yxatdan o‘tish tartibi soddalashtirildi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.
Unga ko‘ra, endi yo‘lovchilar mahalliy reyslarga shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarning elektron shakli orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin bo‘ladi.
Yangi tartibga ko‘ra, yo‘lovchi aeroportda ro‘yxatdan o‘tishdan avval my.gov.uz portali yoki mobil ilovasi, shuningdek «Ijtimoiy karta» ilovasidagi shaxsiy kabinetiga kiriladi. U yerdagi shaxsiy ma’lumotlar sahifasini ro‘yxatdan o‘tish punktidagi xodimga ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, faqat mazkur rasmiy platformalardagi ma’lumotlar shaxsni tasdiqlovchi hujjat sifatida tan olinadi. Boshqa hollarda hujjat nusxalari, fotosuratlar, skanerlangan pasport yoki IDlar, veb-sayt sahifasining skrinshotlari qabul qilinmaydi.
Avvalroq «Toshkent-Sharqiy» aeroportida 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi yangilangani haqida yozgan edik.