Avto

Lada narxi 17 ming dollardan boshlanadigan yangi Lada Niva Travel’ni taqdim etadi

Yangilangan modelning ishlab chiqarilishi 2025-yilning to‘rtinchi choragida boshlanishi rejalashtirilgan
Lada 17 ming dollardan boshlanadigan yangi krossoverni taqdim etadi. Foto: AvtoVAZ

Lada $17 mingdan boshlanadigan yangi Lada Niva Travel’ni taqdim etadi. Yangilangan modelning ishlab chiqarilishi 2025-yilning to‘rtinchi choragida boshlanishi rejalashtirilgan.

Modelning bazaviy komplektatsiyasi narxi $16,7 ming sifatida belgilanmoqda. Bazaviydan boshqa barcha komplektatsiyalar LED (yorug‘lik diodi) faralar bilan jihozlanadi. LED farali versiyalar narxi esa $18,5 ming atrofidan boshlanadi.

Kuzovning old qismi dizayni ham o‘zgaradi: gorizontal lamellarga ega yangi radiator panjarasi, qayta ishlangan bamper tuman chiroqlari bilan va ingichka kunduzgi chiroq chizig‘iga ega toraytirilgan faralar o‘rnatilgan.

Shuningdek, Lada Niva Travel uchun yangi 1,8 litrli 8 klapanli dvigatel ishlab chiqildi. Ushbu dvigatel bilan Lada Niva Travel 0 dan 100 km/soatgacha 16 sekundda chiqadi (joriy versiyada bu ko‘rsatkich 19 sekundni tashkil etadi). Yangi motor uchun GRM (gaz taqsimlash mexanizmi) kamarining ishlash muddati 60 ming km ni tashkil etadi.

Bundan tashqari, uning quvvati 90 ot kuchini tashkil etadi, bu esa yonilg‘i sarfini sharoitga qarab 3 – 30 foizga kamaytiradi, natijada 100 km ga 10 litr atrofida benzin sarflanadi. U mavjud motorlar bilan qisman unifikatsiya qilingan: silindrlar blokining bosh qismi, qopqog‘i va havo kirish modulini 1,6 litrli 8 klapanli dvigateldan, silindrlar bloki esa 1,8 litrli 16 klapanli dvigateldan olingan.

Joriy 1,7 litrli Niva Travel dvigateli (83 ot kuchi) bilan solishtirganda, yangi motor quvvatni 7 ot kuchiga, burilish momentini esa 27 Nm ga oshiradi. Bu esa yo‘ltanlamasning dinamikasi va samaradorligini yaxshilaydi.

2026-yildan boshlab ushbu 1,8 litrli dvigatel klassik uch eshikli Lada Niva Legend modeliga ham o‘rnatiladi, shundan so‘ng eski 1,7 litrli dvigatel ishlab chiqarilishi to‘xtatiladi.

Yangi dvigatel bilan avtomobilning seriyali ishlab chiqarilishi yil oxiriga rejalashtirilgan. Hozirga qadar 50 ta prototip yig‘ilgan. Shuningdek, avtomobil modernizatsiya qilingan old osma qismiga ham ega bo‘ladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Lada Azimut qanday imkoniyatlar bilan taqdim etilishi haqida yozgandi.