Lada Azimut avtomobili ekspert tanqidiga uchradi

eʼlon qilindi
Narxi $30 mingdan $38 minggacha
Lada Azimut avtomobili ekspert tanqidiga uchradi / Foto: RG

Ralli bo‘yicha sport ustasi, texnika fanlari nomzodi va avtomobil jurnalisti Yegor Vasilyev «Xitoy avtomobillari» nashriga yozgan sharhida PMEFda namoyish etilgan Lada Azimut krossoverini tanqid ostiga oldi.

Vasilyevning fikricha, bu model o‘ziga xos emas, balki xitoycha andozaning takroridir. Unga ko‘ra, Azimut – bu o‘rtacha darajadagi xitoy krossoverining mahalliy moslashuvi bo‘lib, bozordagi yetakchilar bilan raqobatlasha olmaydi.

Lada Azimutning asosiy kamchiliklari:

Eski platforma – avtomobil Lada Vesta bazasida qurilgan bo‘lib, old g‘ildirakdan tortuvchi tizim va oddiy osma (Makferson va travers balka) bilan jihozlangan. Texnik jihatdan yangilik yo‘q.

Juda ko‘p dvigatel variantlari – 1.6 va 1.8 hajmdagi atmosferali dvigatellar, shuningdek, Xitoyda ishlab chiqarilgan turbo dvigatel versiyasi mavjud. Bu xilma-xillik ishlab chiqarishni murakkablashtiradi va iqtisodiy samaradorlikni pasaytiradi.

Xitoy uzatmalar qutisi – mexanik va variator Xitoyda ishlab chiqarilgan, avtomat esa faqat turboversiyada bo‘ladi.

Narxining yuqoriligi – 2,4 dan 3 mln rublgacha ($30 ming $38 ming). Bu narxga Chery, Geely, Haval kabi brendlarning yanada jihozlangan va sifatli krossoverlarini xarid qilish mumkin.

Eskirib borayotgan dizayn – Stiv Mattin tomonidan ishlab chiqilgan X-stilning davomidir, lekin hozirgi zamonaviy dizayn tendensiyalariga mos kelmaydi va haddan tashqari agressiv ko‘rinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Lada narxi 17 ming dollardan boshlanadigan yangi Lada Niva Travel’ni taqdim etishi haqida yozgan edik.

Shuningdek