Namanganda qalbaki valyuta savdosi fosh etildi

Namangan viloyatida qalbaki AQSh dollarlarini sotmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, «Kosonsoy tuman yo‘llardan foydalanish» unitar korxonasi ishchisi o‘zida go‘yoki qalbaki $20 ming borligini aytib, uni $14 mingga sotmoqchi bo‘lgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda, u xaridorga qalbaki $8 ming bergan vaqtida ushlandi.
Tekshiruv davomida u qalbaki pullarni 1985-yilda tug‘ilgan Kosonsoy tumanida yashovchi shaxsdan olgani ma’lum bo‘ldi. Undan esa yana soxta $6 ming hujjatlashtirib olindi.
Keyinchalik, ushbu pullar 1992-yilda tug‘ilgan boshqa fuqarodan olingani aniqlanib, u ham qo‘lga olindi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumondorlar qamoqqa olindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham valyuta savdosi bilan bog‘liq bir necha jinoyatlar fosh etilgan edi.