
Netflix kompaniyasi AQSh Milliy aeronavtika va fazoni tadqiq etish boshqarmasi (NASA) bilan hamkorlikda kosmik harakatlarni jonli efirga uzatadi. Bu haqda NASA xabar berdi.
Hamkorlik doirasida striming xizmati raketa uchirishlari, astronavtlarning ochiq fazoga chiqishlari hamda Xalqaro kosmik stansiyadan (XKS) jonli lavhalarni translyatsiya qiladi.
«Netflix NASA bilan hamkorlikda koinotni uydagidek yaqinlashtirishga harakat qilmoqda», – deyiladi kompaniya rasmiy bayonotida.
Loyihaga ko‘ra, bu yozdan boshlab Netflix platformasi orqali nafaqat raketa startlari va fazogirlarning kosmosdagi chiqishlari, balki turli missiyalar haqida maxsus reportajlar va XKSdan Yer sayyorasining hayratomuz manzaralari ham jonli tarzda namoyish etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan kosmik chiqindilarga qarshi yangi texnologiya kashf etilgani haqida yozgandi.