O‘rikzor «Stroy gorod» qurilish bozori vaqtincha yopildi – FVV

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi O‘rikzor «Stroy gorod» qurilish bozori elektr energiyasidan o‘zboshimchalik bilan uzilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan FVV rasmiy bayonot bilan chiqdi.
Bayonotga ko‘ra, aslida 2025-yil 13-iyun kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining qaroriga asosan, «Oziq-ovqat standart karton» MChJga qarashli savdo binolari yong‘inga qarshi jiddiy kamchiliklar aniqlangani sababli 27-iyundan boshlab bozorda vaqtincha faoliyat to‘xtatilgan.
Ushbu chora xavfsizlikni ta’minlash va qonun buzilishlarini bartaraf etish maqsadida amalga oshirilgan. Vazirlik fuqarolardan asossiz xabarlarga ishonmaslikni, agar noqonuniy holatlarga duch kelinsa, FVVning 1101 ishonch telefon raqamiga murojaat qilishlarini so‘radi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdagi tarixiy yodgorlik kanalizatsiya yotqizish vaqtida buzib tashlangani haqida xabar bergan edik.