
O‘zbekistonda iste’mol narxlari 11 oydan beri birinchi marta pasaydi. Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, yillik inflyatsiya darajasi 8,7 foiz atrofida barqarorlashdi.
Narxlarning tushishiga, asosan, oziq-ovqat mahsulotlari sabab bo‘ldi. Ular mavsumiy omil tufayli bir oyda 1,1 foizga arzonlashdi.
Eng katta pasayish meva-sabzavot mahsulotlarida kuzatildi. Baqlajon narxi ikki baravar, pomidor esa bir oyda 46,6 foizga arzonlashdi. Bulg‘or qalampiri va bodring mos ravishda 38 foiz va 30,9 foizga tushdi.
O‘zbekistonliklar uchun tarvuz, karam va sarimsoq arzonlashdi, biroq sitrus mevalar va sabzi sezilarli qimmatladi. Tuxum narxi esa bir oyda 5,3 foizga oshdi.
Nooziq-ovqat mahsulotlari narxi o‘tgan oyga nisbatan 0,2 foizga oshdi. Iyun oyida o‘tgan yil va undan avvalgi yilga qaraganda bu ko‘rsatkich past bo‘ldi. Xizmatlar esa o‘rtacha 0,8 foizga qimmatladi, bunga kommunal to‘lovlar tariflarining indeksatsiyasi sabab bo‘ldi. Uy-joy kommunal xizmatlari narxi bir oyda 6,1 foizga oshgan.
Ambulator davolash, diagnostika va emlash kabi tibbiy xizmatlar narxi o‘rtacha 1,3 foizga oshdi.
Oy yakunlariga ko‘ra, Surxondaryo viloyati, Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida o‘rtacha iste’mol narxlari oshdi. Eng katta narx tushishi Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida, shuningdek, Toshkent shahrida qayd etildi.
Bundan avval jahon banki joriy yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 5,9 foizga o‘sishini prognoz qilgandi. Jahon banki 2026-yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YaIM) 5,9 foizga, 2027-yilda esa 5,8 foizga o‘sishini taxmin qilmoqda.